Huawei 1
“Amudaryo suvini to‘g‘ri taqsimlash muhim” — Ismatilla Ergashev Qo‘shtepa kanali qurilishi yuzasidan “Tolibon” bilan muzokara borayotganini aytdi

Afg‘onistonda Amudaryodan katta hajmda suv olib, qishloq xo‘jaligi yerlariga yo‘naltiruvchi Qo‘shtepa kanali qurilmoqda. Tahlilchilar loyiha yakunlansa, Markaziy Osiyoda suv uchun kurash boshlanishi mumkinligini taxmin qilgan. O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashev jurnalistlar bilan suhbatda masalaning ayrim jihatlarini tushuntirdi.

 25-oktyabr kuni Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” yakuniga doir muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbir so‘ngida Ismatilla Ergashev jurnalistlar bilan suhbatlashdi. Xususan, diplomat “Qo‘shtepa kanali qurilishi hisobiga Amudaryo suvi taqsimoti bo‘yicha kelishuvga erishildimi”, degan savolga javob qaytardi.

Biz Afg‘oniston bilan Qo‘shtepa kanalini qurish bo‘yicha qo‘shma komissiya tuzganmiz. Unga har ikki davlat suv xo‘jaligi vazirlari hamraislik qilyapti. Hozirgacha masala yuzasidan ikkita majlis bo‘lib o‘tdi. Birinchisi, Qobulda, ikkinchisi Mozori Sharifda tashkil etildi. Uchinchisini yaqin kelajakda Toshkent shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan. Amudaryo suvidan foydalanishga boshqa iz va qo‘shni mamlakatlar kabi Afg‘oniston ham haqli. Faqat Amudaryodan olinadigan suv hajmi va mamlakatlar manfaatlarini nazarda tutish muhim. Shuni inobatga olish kerakki, Amudaryoda suv sathi har yili turli hajmda shakllanadi. Daryo bir yili to‘lib oqsa, boshqa yili kamroq suv beradi. Shunga qarab undan foydalanadigan mamlakatlar kvotani, yaʼni suv miqdoriga qarab o‘z ulushini yo kamaytirishi, yoki barobarlashtirishi kerak bo‘ladi. Masala shunda, dedi diplomat.

Ismatilla Ergashev suhbat davomida o‘zaro muzokaralar chog‘ida Afg‘oniston muvaqqat hukumati bosh vazirining muovini Mulla Abdulg‘ani Barodar vaʼdalarini esga oldi.

Mulla Abdulg‘ani Barodar “Biz hech qachon O‘zbekiston xalqining suv bo‘yicha manfaatlariga putur yetkazmaymiz. Qurilayotgan Qo‘shtepa kanali ikki mamlakat o‘rtasida adovatga aylanmaydi. Balki buni do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ramziga aylantiramiz. Qo‘shtepa kanalini qurish va Amudaryo manbalaridan foydalanishda O‘zbekistonni o‘zimizga eng yaqin hamkorimiz deb bilamiz va bunga sodiq qolamiz”, dedi. Bu masalani ko‘pchilik bo‘rttirib ko‘rsatishga, kelajakda og‘ir munozaralar va vaziyatning keskinlashuviga olib keladi, degan fikrlarni tarqatmoqda. Ishonchim komilki, biz yaqin qo‘shnimiz, birodarlarimiz bilan masalaning yechimini topamiz”, dedi prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102522 | Инструменты