Ma’lum bo’lishicha, u fuqarolarning plastik kartalaridan pullarni o’g’irlab, “PUBG” o‘yiniga tikib kelgan
Farg‘ona viloyatida yashovchi 31 yoshli shaxs ichki ishlar organiga plastik kartasidagi pullar o’g’irlanganligini aytib, ariza bilan murojaat qilgan.
Ma’lum bo’lishicha, no’malum shaxs uning telegram messenjeriga “Omad shou” dasturida pul yutug‘ini yutib olganligi to‘g‘risida xabarni yuborgan. So’ng jabrlanuvchining ishonchiga kirib, yutuq pullarini bank plastik kartasiga o‘tkazib berishini aytgan. Fuqaro unga o‘z plastik raqami ma’lumotlarini bergan. Yutuq pullaridan umid qilib o‘tirgan jabrlanuvchi biroz vaqt o’tgach kartasidagi bir million so‘mga yaqin pullaridan ham ayrilgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, ushbu jinoyatni Andijon viloyatida yashovchi, 2007-yilda tug‘ilgan 8-sinf o‘quvchisi sodir etganligi aniqlanib, qo‘lga olingan.
O‘rganishlar natijasida “uddaburon yigitcha” shu usul bilan o‘nlab fuqaroni aldab, pullarini qo‘lga kiritgani aniqlandi. U ushbu pullarni “PUBG” onlayn o‘yiniga tikib, sarflaganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52416 | Инструменты