Holatni tuman prokuraturasi o'rganmoqda
Andijon viloyati hokimligi Shahrixon tumanida avtomobil yo‘li chetidagi daraxtlar noqonuniy kesilgani aytilgan videoga munosabat bildirdi.
Videomurojaatda fuqaro ushbu tuman avtomobil yo'li chetida uzoq yillik archalar kesib tashlangani va ushbu kesilgan daraxtlarni mashinada harakatlanib sanab ketgani aks etgan. Umumiy 28 ta archa kesilgan.
Murojaatdan so'ng, holat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mas’ullari tomonidan joyiga borib o‘rganilgan. O‘rganish davomida Shahrixon tumani "Qo‘rg‘oncha" mahallasi hududidan o‘tgan A373 Andijon—Toshkent avtomagistral yo‘lining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan archa manzarali qimmatbaho daraxtlarning 28 tupi tegishli tartibda ruxsatnoma olmasdan tuman obodonlashtirish boshqarmasi ma’sul shaxslari tomonidan kesib yuborilgani aniqlangan.
Mazkur holatda "O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidi"gi qonun va "Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni undirish miqdorini hisob-kitob qilinganda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
Mazkur holat viloyat hokimligi nazoratida o‘rganilib, qonuniy baho berish uchun tuman prokuraturasiga yuborilgan.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Toshkent shahar Shota Rustaveli ko'chasidagi daraxtlarning ildiziga yo'l kengaytirilishi sabab zarar yetkazilganligi, shuningdek, Chilonzor tumanida ham yo‘l kengaytirilishi sabab ko'plab daraxtlarning ildizi kesib tashlangani, hamda Yakkasaroy tumanida daraxt ildiziga shikast yetkazgan tadbirkor aniqlangani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50220 | Инструменты