AQSH fuqarolik atom energiyasi texnologiyalariga sarmoya kiritish uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutmoqda. Bu haqda 21 fevral kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSH Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasidagi telefon muloqotidan so‘ng Qo‘shma Shtatlar Davlat Departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus ma’lum qildi.
“Qo‘shma Shtatlar muhim foydali qazilmalar va AQSHning fuqarolik atom energiyasi texnologiyalariga sarmoya kiritish uchun o‘zaro manfaatli imkoniyatlarni ta’kidlab, O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni intiqlik bilan kutmoqda”, deyiladi rasmiy press-relizda.
Shuningdek, AQSH Davlat kotibi O‘zbekiston bilan Markaziy Osiyo xavfsizligini ta’minlashni ham muhokama qilgan.
“Davlat kotibi Marko Rubio bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan suhbatda AQSH O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Davlat kotibi Rubio va Tashqi ishlar vaziri Saidov yanada tinch va farovon Markaziy Osiyoni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlikni davom ettirish, jumladan, C5+1 diplomatik platformasi orqali hamkorlikni muhokama qildi”, deyilgan xabarda.
Qolaversa, Rubio O‘zbekistonga noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish borasidagi hamkorlik va terrorizmga qarshi birgalikdagi sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22420 | Инструменты