Shuningdek u yerdagi 250 million aholi yashovchi hududlar kuchli qor va sovuqdan aziyat chekmoqda
AQShning 12 shtatida ekstremal ob-havo haqida ogohlantirishlar amal qilmoqda. Mamlakat Milliy ob-havo xizmatining ta’kidlashicha, bunday keng ko‘lamli sovuq oqim kuzatuvlar tarixida birinchi marta yuz bermoqda: deyarli butun mamlakat hududi qishki bo‘ron ostida qolgan.
Ma'lumotlarga ko'ra, qor bo‘roni shimolda Kanadadan janubda Rio Grande daryosiga qadar bo‘lgan hududni qamrab olgan. AQSh va Kanadadagi anomal ob-havo sharoiti oqibatida kamida 62 nafar inson halok bo‘ldi.
Ayniqsa, Nyu-Yorkning Buffalo shahrida vaziyat og‘ir. Shtat gubernatori Keti Xoulning aytishicha, halok bo‘lganlarning aksariyati yo‘l-transport hodisalari qurboni bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Buffalo aholisi hayot uchun xavfli vaziyatga duch kelgan, chunki ko‘plab tez yordam mashinalari eng ko‘p ariza tushgan hududlarga yetib bora olmagan yoki o‘zlari qor ostida qolib ketgan.
Buffaloda ob-havo bilan bog‘liq 28-o‘lim qayd etildi. Bu AQShdagi iqlim bilan bog‘liq o‘limlarning teng yarmi. Shahardagi 4 ming aholi elektr energiyasiz qolgan. Hozircha nega aynan bu shahar siklonga kam tayyorgarlik ko‘rgani noma’lum.
"Bu ona tabiat bilan urush va u bor qurollari bilan bizga hujum qilmoqda", - deydi shtat gubernatori.
Ushbu kuchli bo‘ron bilan bog‘liq o‘limlar Vermont, Ohayo, Missuri, Viskonsin, Kanzas va Kolorado shtatlarida ham qayd etilgan. Janubiy Floridada havo harorati shunchalik pasayib ketganki, iguanalar muzlab qolib, daraxtlardan qulab tushgan.
Eng quyi havo harorati AQShning g‘arbiy qismidagi Montana shtatida qayd etilgan, bu yerda harorat -45 darajagacha tushib ketgan.
Kanadaning Ontario va Kvebek provinsiyalari qahraton ob-havodan ko‘proq zarar ko‘rgan. Bu yerdagi qattiq sovuq yuz minglab odamlar yashaydigan uylarda elektr ta’minoti uzilishiga olib kelgan.
Kanadaning katta qismida — Britaniya Kolumbiyasidan Nyufaundlendgacha bo‘lgan hududlarda qattiq sovuq hukm surmoqda. Aholi ob-havo yanada yomonlashishidan ogohlantirilyapti.
CBS nashri muxbiri Vankuver shahridagi vaziyatni shunday tasvirlaydi: "Bizda qor yog‘di, muz parchali yomg‘ir yog‘di, butun region bo‘ylab do‘l yog‘di. Aholi harakatlanishi juda qiyin, ko‘plab avtobus yo‘nalishlari xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi, ko‘priklar yopiq, metro ham endi sekinroq ishlayapti. Ko‘plab avtomobil egalarida qishki shinalar yo‘q".
Uning so‘zlariga ko‘ra, uzoq va mo‘l yog‘ingarchilik sababli iliq havo kelishi bilan suv toshqini yuz berishi xavfi mavjud.
Pensilvaniya shtatida ham kuchli qor yog‘ishi kutilmoqda. Sietl va Portlendda aholi shahar ko‘chalarini qoplagan muz ustida konki uchyapti.
Ayni paytda, qirg‘oqbo‘yi hududlari — Nyu-England, Nyu-York va Nyu-Jyersi shtatlarida qirg‘oq chizig‘ini suv bosishi kuzatilmoqda.
Hatto uzoq janubiy shtatlar: Luiziana, Alabama, Florida va Jorjiya aholisi ham harorat sezilarli darajada pasayishi haqida ogohlantirish olgan. Janubiy Dakotadagi tubjoy Amerika qabilalari (hindular) yoqilg‘i tugagach, isinish uchun kiyimlarini yoqishga majbur bo‘lgan.
Ohayo shtatida birvarakayiga ellikta mashina to‘qnashib ketgan va to‘rt mototsiklchi ushbu yirik avtohalokat qurboni bo‘lgan.
Sinoptiklarning so‘zlariga ko‘ra, qor bo‘roni ("siklon bombasi" yoki portlovchi siklon deb ham ataladi) yaqin kunlarda susayishi kutilmoqda. Biroq bo‘ron ostida qolgan hududlar aholisiga, agar zarurat bo‘lmasa, safarlarga chiqmaslik tavsiya etilgan.
Avvalroq, 23-dekabr kuni AQShda 6 mingga yaqin reys bekor qilingani xabar qilingandi. Shuningdek, 24-dekabr kungi 1200 reys ham qoldirilgan. Bu hafta boshida esa jami 8 mingga yaqin reys bekor qilingan.
Shuningdek, AQSh prezidenti Jo Bayden 26-dekabr kuni Nyu-York shtatida favqulodda holatni e’lon qilgandi. "Mening yuragim ushbu dam olish kunlarida yaqinlarini yo‘qotganlar bilan", - deb yozgandi Bayden o‘z Twitter sahifasiga.
Meteorologlarning ta’kidlashicha, bunday ob-havo AQShda bir necha o‘n yilda bir marta kuzatiladi, ammo hozirgi siklon kuchliligi sabab misli ko‘rilmagan deb atalmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51200 | Инструменты