Huawei 1
Avtomobil oynasini meʼyordan oshirib qoraytirganlik uchun jarima miqdori kamaytiriladi

Endilikda ruxsatnomada ko‘rsatilgan talablarni buzgan holda oynalarni qoraytirgan haydovchilarga 375 ming so‘m miqdorida jarima belgilanishi mumkin. Bu haqda 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida so‘z boradi.

Ushbu qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga oid qabul qilingan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib va talablarga muvofiqlashtirish, shuningdek, foydalanishga yaroqsiz avtomototransport vositasini belgilangan tartibda hisobdan chiqarmasdan turib, utilizatsiyaga yoki realizatsiya qilish maqsadida qismlarga bo‘laklash uchun javobgarlikni belgilash va yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlarining doirasini kengaytirish nazarda tutilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 28-moddasiga 2-qism sifatida haydovchining sog‘lig‘i transport vositasini xavfsiz boshqarishga monelik qiladigan tarzda yomonlashgani tibbiy xulosa bilan tasdiqlanganda, transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etish sud tomonidan amalga oshirilishi qo‘shilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi foydalanishga yaroqsiz transport vositalarni hisobdan chiqarish qoidalarini buzish fuqarolarga BHMning besh baravari, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishini nazarda tutuvchi sakkizinchi qism bilan to‘ldirilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks kelgusida 126 prim 1-modda bilan to‘ldirilishi va haydovchilar oynalar tusini o‘zgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnomada ko‘rsatilgan talablarni buzib, transport vositalaridan foydalanganligi uchun BHMning 1 baravari miqdorida (375 ming so‘m) jarimaga tortilishlari mumkin.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 332-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan – yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran 60 kun emas, 90 kundan kechiktirmay to‘lashi lozimligi belgilanmoqda.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Qonun loyihasi muhokamasi joriy yilning 11 aprel kuniga qadar davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40100 | Инструменты