Avvalroq O‘zbekistondagi va xorijdagi fuqarolar Yangi Toshkent qurilishidagi ishlarga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.
Biroq, fuqarolar bo‘sh ish o‘rinlari xususida ma’lumot olish uchun call-markazga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olishmayotganlarini bildirishdi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, e’lon ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar qiziqishiga sabab bo‘lganini qayd etdi.
Kun davomida 1 mingga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘lib, ularning soni ko‘payganligi uchun belgilangan limit — bir vaqtning o‘zida 50 tagacha qo‘ng‘iroqdan oshganda uzilish ro‘y bergan.
“Ushbu holat 4-mart soat 12:00 gacha bartaraf etiladi. Qolaversa, qo‘ng‘iroq qilib, navbat kutishni istamagan va bog‘lana olmagan hamyurtlarimiz uchun alternativ taklif sifatida “Telegram"-bot ishga tushirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Unga ko‘ra, Yangi Toshkent shahri qurilishida ishlashni istagan fuqarolar @yangi_toshkent_qurilishi_bot orqali o‘zlari haqida ma’lumotlarni yozib qoldirishlari mumkin. Call-markaz operatorlari ma’lumotda ko‘rsatilgan raqamga kun davomida o‘zlari qayta aloqaga chiqib, bog‘lanishadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30414 | Инструменты