Huawei 1
Bosh prokuratura: 2024-yilda qariyb 16 trln so‘m mablag‘ soyadan chiqarildi

2024-yilda O‘zbekistonda qariyb 16 trln so‘m mablag‘ “soya"dan chiqarildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

20-mart kuni bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev rahbarligida yashirin iqtisodyotni qisqartirish bo‘yicha Maxsus komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi.

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi va Senati qo‘mita raislari hamda mutasaddi tashkilotlar mas’ullari ishtirok etgan yig‘ilishda o‘tgan yil mamlakatda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, faoliyatda korrupsiyani tugatish hamda ularga qarshi kurashish borasidagi ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi.

Xufiyona aylanmaga chek qo‘yish va foydalanilmayotgan zaxiralarni ishga tushirishga qaratilgan ishlar natijasida 747 mingdan ortiq holatda rasmiy sektorda aks etmagan aylanmalar hisobga olinib, budjetga qo‘shimcha 15,9 trln so‘m mablag‘ undirildi.

Tadbirkorlik subyektlarida norasmiy ishlayotgan 15 mingdan ortiq ish o‘rinlari legallashtirildi, yashirin faoliyat ko‘rsayotgan 9 mingta tadbirkor esa rasmiy sektorga qaytarildi. Xufiyona iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq jinoyat ishlari doirasida qariyb 2 trln so‘m zarar undirildi.

Qayd etilishicha, tahlillar yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ahvoli tubdan yaxshilanmayotganligini, mas’ullarga yuklatilgan vazifalar ijrosi yetarli darajada bajarilmayotganligi uchun qoniqarli natijalarga erishilmaganligini ko‘rsatgan.

Yig‘ilishda soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, soliq yukini pasaytirish, biznesni yuritishdagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hisobiga teng raqobat sharoitini yaratish hamda iqtisodiyotni raqamlashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish va budjetga tushumlar miqdorini oshirish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga topshiriqlar berildi.

Shuningdek, farmatsevtika, transport, qurilish, geologiya, qishloq xo‘jaligi, turizm va bandlik kabi dolzarb sohalarda yashirin aylanmalar ulushini kamaytirish, korrupsion omillarni bartaraf qilish haqida topshiriqlar berilib, nazoratga olindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32401 | Инструменты