Huawei 1
Bosh prokuratura Toshkent shahri va viloyatidagi havoni ifloslantiruvchi korxonalarni tekshiradi

Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasining ortib borayotganligi va “salbiy” reytinglarda yetakchi o‘rinlarga chiqayotganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarlar barchada asosli tashvish va qayg‘u uyg‘otmoqda.

Poytaxt atmosfera havosini ifloslanishiga quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar kabi tabiiy omillar bilan bir qatorda iqlim o‘zgarishi, sanoat va avtotransport vositalaridan tashlamalar chiqarish hajmlarining oshib borishi, eʼlon qilingan moratoriy davrida ham qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishi, shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilish ishlarining jadal amalga oshirilishi bevosita taʼsir ko‘rsatmoqda.

Prokuratura organlari ushbu holatlarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, Prezidentning tegishli farmonlari va topshiriqlari hamda sohaga oid boshqa qonun hujjatlarining ijrosini ahvoli atmosferaga chiqarilayotgan zararli tashlamalar miqdorini kamaytirish va atmosfera havosining holatini yaxshilashga asosiy eʼtiborni qaratgan holda joriy yilning sentyabr oyidan boshlab respublika bo‘yicha rejaviy tekshirish tadbirlari o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yishdi.

Tahlillarda I va II toifaga kiruvchi, atrof - muhitga taʼsiri yuqori bo‘lgan sanoat korxonalarida 2024 yilda belgilangan zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish ishlari paysalga solinayotganligi, shu jumladan Toshkent viloyatda 27 ta korxonadan 19 tasida, Toshkent shahrida esa 31 ta korxonadan 8 tasidagina bu ishlar amalga oshirilganligi maʼlum bo‘ldi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi tekshirishlar Ekologiya, Sog‘liqni saqlash, Transport, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Gidrometeorologiya xizmati agentligi, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari jalb qilingan holda bevosita Bosh prokuratura tomonidan joriy yilning 22 oktyabr kunidan boshlab amalga oshirila boshlandi.

Bosh prokuratura tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari alohida nazoratga olinishi hamda ular bo‘yicha keskin va murosasiz choralar ko‘rib borilishi qatʼiy taʼminlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102420 | Инструменты