Huawei 1
Botir Qodirov va Jo‘rayevlar ishini ko‘rgan sudya bo‘yicha turli ta’na bildirayotganlarga chora ko‘riladi

Sudyalar oliy kengashi Botir Qodirov va Jo‘rayevlar ishini ko‘rgan sudya sha’niga noma’qul va asossiz ta’nalar bildirayotganlarga chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Botir Qodirovning javobgarlar – Jo‘rayevlarga nisbatan “otalik faktini belgilash”ga doir fuqarolik nizosi bo‘yicha sud jarayoni boshlanganidan to hal qiluv qarori qabul qilingunicha keragidan ortiq muhokamalar bo‘ldi.

Ijtimoiy  tarmoqdagi muhokamalar sud qarori qabul qilinganidan keyin ham davom etib,  ensani qotiradigan darajaga yetdiki, bu haqda ikki og‘iz gap aytishning o‘zi ortiqcha, aslida. Biroq suddan keyin taraflar va ularga xayrixohlar o‘rtasidagi “virtual musohabalarda” ishni birinchi bosqich sudida ko‘rib chiqqan sudya sha’niga noma’qul va asossiz ta’nalar aytish holatlari ham uchramoqda, deyiladi Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati bayonotida.

Xususan, bloger Jasur Hamroyev ijtimoiy tarmoq orqali chiqishida da’vogar “qo‘li uzun ekani” haqidagi gapini eslatib, go‘yoki “... uning uzun qo‘llari sudyagacha yetib borgani”ni ochiq iddao qilgani keltirib o‘tilgan.

“Bundan tashqari sudya tomonidan mahrum san’atkor vafoti sanasini noto‘g‘ri aytilgani-yu, sud qarorini o‘qish paytidagi biroz hayajonini “bu ne ko‘rgulik?!” deb, vaziyatni bo‘rttirishga uringani ko‘rinadi. Eng yomoni, uning iddaolari ish bo‘yicha javobgar tarafning ijtimoiy tarmoqdagi sahifa va kanallarida tarqatilayotgani natijasida sudyaning xolisligi borasida turli shubhalar ehtimolini paydo qilmoqda”, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, bir necha oy davom etgan protsess, bu davrda tarmoqlardagi adoqsiz muhokamalar, ularda hatto tor doirada aytilishi mumkin bo‘lmagan gaplar baralla aytilib, keng ommada turli qarashlar shakllantirishga qaratilgan harakatlar sudga nisbatan ijtimoiy bosim paydo qilib bo‘lgandi.

Sudyalar oliy kengashi kimningdir go‘yoki “uzun qo‘llari sudyagacha yetib borgan”iga oid ta’na va iddaolarga huquqiy baho berishga ehtiyoj mavjud, deb hisoblaydi hamda bu borada vakolati doirasida lozim choralar ko‘rilishini bildirdi.

Ushbu bayonot qabul qilingan sud qarori bo‘yicha kengash nuqtayi nazari hisoblanmasligi, shuningdek, sud qaroridan norozi taraf tomonidan yuqori sud instansiyasiga shikoyat berilishiga ham mone’lik qilmasligi qo‘shimcha qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91915 | Инструменты