Har bir xonadondan har kuni turli xildagi chiqindilar chiqarib tashlanadi. Bu, albatta, kundalik hayotimizdagi tabiiy holat. Yig‘ilgan chiqindi esa sanitar tozalash sohasi xodimlari tomonidan tegishli chiqindi poligonlariga olib ketiladi. Bu boradagi xizmatlar uchun esa aholi belgilangan miqdorda to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishi lozim.
Afsuski, bugungi kunda fuqarolar tomonidan turli xil asossiz sabablarga ko‘ra (xonadondan chiqindi chiqmasligi, chiqindilar yoqib yuborilishi yoki yerga ko‘mib yuborilishi va h.k) maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortish yoki kechiktirish holatlari uchrab turibdi. Natijada sanitar tozalash sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun aholining debitor qarzdorligi oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2019 yilda bu yo‘nalishdagi qarzdorlik 74 milliard so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib 581 milliard so‘mga yetgan. 2017 yilda Prezident tashabbusi bilan sohada 9 ta yirik klaster tashkil qilingan edi. Ammo qarzdorlik muammolari yechilmagani oqibatida ayrim hududlardagi klasterlar kredit qarzdorliklari hisobiga bankrot bo‘lgan va bugungi kunda 9 ta klasterdan 3 tasigina faoliyat olib boryapti.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan hujjat — chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Mazkur loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar hamda sohadagi ishlar bo‘yicha ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov maʼlumot berdi:
— Mamlakatimizda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini isloh qilish doirasida hududlarni sanitar tozalash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, maishiy chiqindilarni to‘plash va hududlardan olib chiqish sohasiga tadbirkorlik subyektlarini faol jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov intizomi darajasini oshirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov intizomi darajasining pastligi xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy taʼsir ko‘rsatib, asosiy fondlarni yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritish imkoniyatlarini cheklamoqda. Shuningdek, ushbu sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb qilishga to‘siq bo‘lmoqda.
Ushbu qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan isteʼmolchilarni qisqa xabar (SMS) orqali xabardor qilib borish, qarzdorlik vujudga kelgani to‘g‘risida ogohlantirilgandan keyin to‘lovlar amalga oshirilmagan taqdirda isteʼmolchilar chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaguniga qadar ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklashga qaratilgan huquqiy normalar belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, — dedi A.Abduhakimov.
Vazirning aytishicha, chiqindi xizmatlari sohasida asosiy manba tarif va yig‘imlar hisoblanadi. Ayni paytda hududlarda xizmat sifatini yaxshilash uchun 1 trillion so‘mlik texnikalar olinishi, 250 milliard so‘mga chiqindi yig‘ish maydonlarini qurish kerak, 67 milliard so‘mga konteynerlar olinishi lozim. Bu vazifalarni amalga oshirishda esa to‘lov intizomini yo‘lga qo‘yish muhim.
Afsuski, surunkali tarzda 70 ming aholi to‘lovlarni umuman to‘lamayapti. Avval 30-40 foiz aholi to‘lamagan bo‘lsa, ularga muntazam SMS xabarlari jo‘natish orqali hozirda ancha tartibli to‘lov tizimi yaratilyapti. Demak, chiqindidan qarzdorlik uchun elektr energiyasidan uzib qo‘yish tizimi samara berayapti.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan dolzarb fikr-mulohaza va takliflar bildirildi, loyihaning muhimligi qayd etildi, sohaga oid va loyiha bo‘yicha qator savollar o‘rtaga tashlandi. Deputatlarning savollariga vazir va vazirlik mutasaddilari batafsil javob qaytardi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov intizomi mustahkamlanishi hamda chiqindilarni boshqarish sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar uchun aholidan hosil bo‘lgan debitor qarzdorlikning kamayishiga erishilishi taʼkidlandi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121721 | Инструменты