Huawei 1
Deputat Qizilgul Qosimova tibbiyot xodimlarining oyliklarini oshirish masalasini ko‘tardi

Qonunchilik palatasining 2025 yilgi davlat budjeti loyihasi ko‘rib chiqilgan 26 noyabr kungi majlisida deputat Qizilgul Qosimova tibbiyot xodimlarining oyliklarini oshirish masalasini ko‘tardi.

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, hukumat tibbiyot sohasi bo‘yicha “kimga va nima uchun yuqori oylik to‘lash” masalasida bosh qotirmoqda, ammo bu borada aniq reja hali ishlab chiqilmagan.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning 1 oktyabr holatiga, sog‘liqni saqlash sohasi vakillarining o‘rtacha maoshi 3 mln 300 ming so‘mni tashkil etgan. Bu – mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqi (5 mln 151 ming so‘m)dan 36 foizga kam.

To‘g‘ri, boshqa tarmoqlarda bo‘lgani kabi tibbiyot sohasi vakillarining ham ish haqi oxirgi yillarda sezilarli oshdi. Masalan, 2020-2024 yillarning mos davri oralig‘ida sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘rtacha maoshlar 84 foizga (1 mln 793 ming so‘mdan 3 mln 330 ming so‘mga) ko‘paygan. Ammo boshqa sohalarga nisbatan bu ko‘rsatkich juda ham past. Taqqoslash uchun, ushbu davrda bank va sug‘urta faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2,5 barobarga (5 mln 814 ming so‘mdan 14 mln 488 ming so‘mga), axborot va aloqa sohasi vakillarining maoshi esa qariyb 3 barobarga (4 mln 306 ming so‘mdan 12 mln 799 ming so‘mga) ko‘tarilgan.

2024 yilda davlat budjetidan sog‘liqni saqlash tizimiga 33,4 trln so‘m (shundan 26,2 trln so‘mi ish haqi va ijtimoiy soliqlar uchun) yoki yalpi ichki mahsulotning 2,6 foizi miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. 2025 yilda esa tibbiyot sohasiga ajratilayotgan umumiy mablag‘ 41,3 trln so‘mgacha oshiriladi (shundan 30,1 trln so‘mi ish haqi va ijtimoiy soliqlar uchun), ammo YaIMga nisbatan bu miqdor 2,5 foizgacha kamayadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112821 | Инструменты