Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna bo‘lgan 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxonani ishga tushirish chora-tadbirlari belgilab olindi. Viloyat hokimlariga yil yakunigacha 14 ming, kelgusi yili 29 ming gektar sanoatlashgan intensiv mevali bog‘ va tokzorlarni barpo etish topshirildi.
Bundan tashqari, Qo‘rg‘ontepada 300 gektar, Farg‘ona tumanida 200 , Pop, Yangiqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlarida 100 gektardan sanoatlashgan intensiv bog‘ va tokzorlar tayyor holda tadbirkorlarga berilishi belgilandi. Texnik jihatdan tartibga solish va O‘simliklar karantini agentliklariga eksportga yuborishda har bir meva-sabzavot turi bo‘yicha alohida texnik standartlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Hozirda atigi 10 ta tumandagi 3 ming 900 gektar maydonda organik sertifikat mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi. Jahon bozorida organik mahsulotlar narxi anʼanaviy mahsulotlardan 2-3 karra qimmat.
Masalan, Nukus tumanidagi tadbirkor 50 gektar yerda organik pomidor yetishtirib, quritib Yevropaga 6 dollardan eksport qilyapti (anʼanaviy pomidor 1 dollardan kam). Yoki Toshkent shahridagi korxona Kattaqo‘rg‘on va Chimqo‘rg‘on suv omborlari atrofidagi 400 gektarda organik mosh, loviya, yeryong‘oq yetishtiryapti.
Mutasaddilarga organik maydonlarni 2025-yilda 10 ming gektarga, kelgusi uch yilda 100 ming gektarga yetkazish topshirildi. Endilikda organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer bilan tekislash xarajati davlat tomonidan qoplab berilishi, “Organik”, “Global Gap”, “Halol”, “Kosher” kabi sertifikatlarni olish xarajatlari uchun subsidiya ajratilishi, yirik savdo tarmoqlarida organik mahsulotlar uchun alohida rastalar tashkil etilishi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112822 | Инструменты