Huawei 1
Deputatlar energetik ichimliklarning 1 litri uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilashni taklif etmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Majlisda Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari, mahalliy budjetlar va Davlat maqsadli jamg‘armalariga oid loyihada ko‘zda tutilgan tadbirlar, ularni moliyalashtirish manbalariga oid ma’lumotlar chuqur tahlil qilinganiga alohida e’tibor qaratildi.  

Mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda loyihaning tegishli moddalarida aks ettirilgan normalar Prezident farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlari bilan uyg‘unligi va asoslantirilgani o‘rganildi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda 2024 yilda belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish masalalariga aniqlik kiritildi.  

Deputatlar muhokamalarda byudjet daromadlarini oshirishga alohida e’tibor qaratdi. Yashirin iqtisodiy faoliyatni mumkin qadar qisqartirish, tadbirkorlarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida raqobat muhitiga salbiy ta’sir qiluvchi samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, shu orqali soliq bazasini kengaytirish, vazirlik va idoralarga ajratilishi ko‘zda tutilgan byudjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablag‘lar natijadorligini ta’minlashga qaratilgan ko‘plab taklif va tavsiyalar batafsil o‘rganilgani, ularning aksariyati loyihada aks etgani deputatlar tomonidan e’tirof etildi.  

Xususan, yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan avtotransport vositalari uchun tabaqalashtirilgan yig‘im stavkalarini belgilash ko‘zda tutilgan. Bunda yuk ko‘tarish quvvatidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda yig‘im undirilishi nazarda tutilmoqda.  

Deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda aksiz solig‘i bo‘yicha berilgan taklif manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda chuqur o‘rganildi. Joriy etilishi nazarda tutilayotgan aksiz solig‘ini mahsulot narxiga va tadbirkorlik subyektlari faoliyatining moliyaviy natijalariga ta’sirini inobatga olgan holda energetik ichimliklarning 1 litri uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilash taklif etilmoqda.  

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha aholining tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talabi yuqoriligini inobatga olgan holda qo‘shimcha 25,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilanmoqda. Respublikamizda jismoniy tarbiya va sport sohalarini isloh qilish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga mazkur sohada davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ahamiyatli ekanligini hisobga olib, sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish xarajatlari uchun 54 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilmoqda.  

Qayd etilganidek, yoshlarga kutubxonadan kechki vaqtda foydalanish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi — axborot resurs markazi huzuridagi byudjetdan tashqari Axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi harajatlari uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.  

Muhokamalarga boy bo‘lgan majlisda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalar bo‘yicha deputatlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarga oydinlik kiritildi. Shuningdek, subsidiyalar ajratish, budjet ochiqligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, moliyaviy nazorat va ichki audit tizimini takomillashtirish hamda tibbiy sug‘urtani joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muborak Ahmedova 2022 yildan boshlab xususiy sektorda ishlaydigan ayollarga homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lab berish amaliyoti joriy qilingani, 2024 yil budjet loyihasida xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik nafaqa pulini byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar uchun 100 milliard so‘m ko‘zda tutilganini ta’kidladi. Bu esa 2023 yilga nisbatan 3 barobar kam mablag‘. Deputat buning sababi haqida so‘radi.  

Deputatning ushbu savoliga mas’ullar aniqlik kiritib, bu yo‘nalishda muammo bo‘lmasligini aytdi.

Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Adham Nazirqulov ta’kidlaganidek, qonun loyihasi bilan 2024 yil uchun mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari nazarda tutilmoqda. Ya’ni, turar-joy, noturar joy va avtomobil transportini ijaraga berilgandagi ijara to‘lovining eng kam stavkalari belgilanmoqda.  

Qonun loyihasida Toshkent shahrida turar-joy uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkasi 2022 yilga nisbatan 47 foizga oshirilib, umumiy maydonning 1 kv.metri uchun 25 ming so‘m miqdorida va Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlarda ijara to‘lovining eng kam stavkasi 2022 yilga nisbatan 14 foizga oshirilib umumiy maydonning 1 kv.metri uchun 12 ming so‘m miqdorida belgilanmoqda. Turar-joy uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkasini Toshkent shahrida Nukus shahri va viloyat markazi bo‘lgan shaharlarga nisbatan yuqori belgilanishi sabablari bilan qiziqdi.  

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha xarajatlar faqat qo‘shimcha daromad manbai mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshirilishi belgilanayotgani deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.  

Majlis yakunida qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122210 | Инструменты