Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryoda 2008 yilda tug‘ilgan qizning 2 nafar farzandi bor” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holatni o‘rgandi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 21 noyabr kuni blogerlik bilan shug‘ullanuvchi A.Sh. (erkak), J.N. (2003 yilda tug‘ilgan erkak) va S.R. (2005 yilda tug‘ilgan ayol) lar o‘zaro kelishgan holda S.R. va J.N.lar go‘yoki o‘zlarini 15 va 17 yoshdagi voyaga yetmagan ota-ona deb ko‘rsatib videorolikda ishtirok etishgan, A.Sh. esa video davomida erta nikoh holatini ijobiy sharhlab, haqiqatga zid vaziyat aks etgan mazkur videoni o‘z Instagram sahifasiga joylagan.
Bolalar ombudsmani so‘roviga ko‘ra, erta nikohni targ‘ib qilish mazmunidagi mazkur holat bo‘yicha bloger A.Sh. ning xatti-harakatlariga baho berish maqsadida ish hujjatlari tuman IIB tomonidan joriy yil 25 noyabr kuni JIB Termiz shahar sudiga yuborilgan.
"Sud tomonidan to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqilib, A.Sh.ga nisbatan MJtKning 202-2 moddasi 1 qismi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilib, unga nisbatan BHMning 4 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi. J.N. va A.Sh. lar esa bunday nomaqbul harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirildilar", - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yildan boshlab, erkaklar va ayollar uchun yagona nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112619 | Инструменты