Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 26-noyabr kuni “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘qituvchilar faoliyati samaradorligini baholash tizimi yo‘qligi haqida fikr bildirdi.
“Albatta, bugungi geoiqtisodiy beqarorlik davrida biz hukumatimizdan barqaror faoliyat va, albatta, moliyaviy muvozanatni talab qilish bilan birgalikda prezidentimiz tomonidan iqtisodiy o‘sishni ta’minlash kabi juda jiddiy masalalar qo‘yildi.
Bu vazifalar bajarilishining o‘zi bo‘lmasligi hammamizga ma’lum. Juda og‘ir. 2025-yilning byudjetini muhokama qilayotganimizda ushbu murakkabliklarni hisobga olgan holda o‘rgandik. Fraksiyamiz barcha a’zolari byudjetnomani qo‘llab-quvvatladi. Ayrim masalalarda biz o‘zimizning takliflarimizni ikkinchi o‘qishda atroflicha muhokama qilishda berdik.
Bu mablag‘larni qo‘shish yoki qo‘shimcha mablag‘larni topish nuqtayi nazaridan emas. Rejalashtirilgan mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadiga alohida urg‘u beryapmiz. Bu qanday?
Masalan, ta’lim tizimiga juda katta pul ajratilyapti. Bu juda to‘g‘ri, biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ta’lim va tarbiya tizimida biz muvaffaqiyatga erishmasak, iqtisodiy barqaror rivojlanish maqsadlarimizga erisholmaymiz. Lekin 50 trillionga yaqin o‘qituvchilarning maoshiga rejalashtirilgan mablag‘dan biz kutgan natijaga erisholamizmi-yo‘qmi, degan savolni qo‘ydik.
Biz doim bu savolni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qo‘yamiz. Lekin kecha biz bu savolni Moliya va iqtisodiyot vazirligiga qo‘ydik. Aytdik, o‘qituvchining faoliyati samaradorligini o‘lchash uchun birorta tizimimiz bormi? Biz yaxshi o‘qituvchiga ko‘p oylik, yomon ishlayotgan o‘qituvchiga kam oylik berish orqali maktabda o‘qituvchilar o‘rtasida raqobat tizimini yarataylik.
O‘qituvchi bolalarimizga yaxshi bilim bersin. Yaxshi bilim berayotgan o‘qituvchiga ko‘p oylik, raqobatbardosh bo‘lmagan o‘qituvchi kam oylik olib, tizimdan chiqib ketishiga ham rozimiz. Bizning farzandlarimiz eng yaxshisiga munosib.
Aynan shu sababli ajratilayotgan mablag‘ga e’tirozimiz yo‘q, uning samaradorligini oshirish bo‘yicha tizim ishlab chiqarish masalasida vazirlikka taklif berdik”, deydi Alisher Qodirov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112619 | Инструменты