Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov boshchiligidagi delegatsiya harbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini muhokama qilish uchun Janubiy Koreyaga borishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Kiyev so‘raydigan harbiy yordam ro‘yxatida havo hujumidan mudofaa tizimlari va artilleriya qurollari bor. Ukraina rasmiylari shu kunga qadar yordamning noharbiy yo‘llari bilan cheklanib kelgan Janubiy Koreya o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishidan umidvor.
Janubiy Koreya prezidenti Yun Suk Yol uning mamlakati Shimoliy Koreyaning Ukraina urushidagi ishtiroki darajasiga qarab, Kiyevni qurol-yarog‘ bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytgandi. Biroq kuzatuvchilar fikricha, Donald Trampning AQSH prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi Seulning bu boradagi pozitsiyasiga ta’sir qilishi mumkin.
Mutaxassislar Seul qarori ham ichki, ham tashqi omillarga, jumladan, Moskva bosimi va muxolifatning qarshiligiga bog‘liq ekanini aytmoqda. Ayrim muxolifat qonunchilari, agar hukumat Ukrainaga harbiy yordam yuborishga qaror qilsa, Janubiy Koreya mudofaa vaziriga qarshi impichment bilan tahdid qilgan.
Moskva, o‘z navbatida, Seulni bunday harakatlardan ogohlantirib, mazkur qadam ikki tomonlama munosabatlarni “to‘liq izdan chiqarishini” ta’kidlagan. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenkoga ko‘ra, Seul “uzoq muddatli milliy manfaatlarga putur yetkazadigan harakatlardan” qochishi kerak.
O‘z navbatida, Rossiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy hamkorlik ortib boryapti. Xususan, ikki davlat keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilgan. Bu tomonlardan biri qurolli hujumga uchrasa va shu tariqa urush holatida qolsa, bir davlat boshqa davlatga “o‘z ixtiyoridagi barcha vositalar bilan” harbiy va boshqa yordam ko‘rsatishini nazarda tutadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112619 | Инструменты