Huawei 1
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi qat'iy rejimli obyektmi?

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 martdagi farmoni bilan Shavkatjon Abdurazzoqov O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi etib tayinladi.

Shu munosabat bilan Davlat ekologiya qo'mitasi rahbariyati bugun 10 mart kuni OAV, jamoatchi tashkilotlar vakillari hamda blogerlar bilan uchrashuv tashkil etdi.

Uchrashuvda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasining yangi raisi Shavkat Abdurazzoqov so'z olib, lavozimga tayinlanganiga qisqa vaqt bo'lganiga qaramay, mavjud vaziyatni o'rganish va muammolarga yechim izlash uchun tinimsiz mehnat olib borilayotganini ta'kidlab o'tdi.

Jumladan, joriy yilning 6 mart kuni Prezidentimiz tomonidan atrof-muhitni asrash va chiqindilarni boshqarish tartibini takomillashtirish masalalari bo'yicha o'tkazilgan yig'ilishda ko'tarilgan masalalar va ularning ijrosini ta'minlash bo'yicha aniq chora-tadbirlar rejasi hamda unga muvofiq ravishda strategiyani ishlab chiqish bo'yicha Ishchi guruh tashkil etilganini ta'kidladi.

Birinchi navbatda, chiqindi poligonlari hamda chiqindini qayta ishlash loyihalarini ishga tushirish bo'yicha berilgan topshiriqlar ijrosiga katta ahamiyat qaratilmoqda.

Bu borada aholining tozalik va ozodalikka e'tibor qaratish bo'yicha madaniyatini shakllantirish ham muhim vazifalardan biri ekani tilga olindi. Shavkat Abdurazzoqov Janubiy Koreya davlatidagi tartibni misol keltirib, u yerda fuqarolarga turli rangdagi maxsus paketlar sotilishi, chiqindilar alohida saralanishi, ana shu sotuvdan tushgan pul evaziga maishiy chiqindilarni tashish xarajatlari qoplanishini aytib o'tdi.

Shuningdek, tadbir davomida bugungi kunda dolzarb bo'lib turgan daraxt kesish muammosiga ham to'xtalindi. Ma'lumki, Prezidentimiz farmoniga muvofiq, davlat o'rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy qilingan edi. Lekin joylardagi rahbarlarning e'tiborsizligi oqibatida ayrim hollarda o'simlik dunyosiga zarar yetkazildi. Prezident tomonidan 6 mart kuni o'tkazilgan yig'ilishda Bosh prokuraturaga ushbu masala bo'yicha hokimlar faoliyatini qat'iy nazoratga olib, javobgarlik muqarrarligini ta'minlash topshirildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi tomonidan ham bu borada qat'iy chora-tadbirlar olib borilishi ta'kidlab o'tildi. Jumladan, hokimiyat vakillari bilan hamkorlikda yangi loyihaga qo'l urilmoqda. Endilikda har bir daraxtga maxsus ID raqam berilib, ushbu daraxt Davlat nazoratida ekanini anglatuvchi yozuv yozib qo'yilishi amaliyotga tatbiq qilinadi.

Ochiq muloqot davomida yig'ilganlar tomonidan yana ko'plab muhim mavzular ko'tarildi, o'tkir savollar berildi. Ammo afsuski, bu jarayonni tasvirga olib, UZREPORT TV telekanali orqali tomoshabinlarga yetkazishni imkoni bo'lmadi. Chunki UZREPORT TV operatori ushbu tadbirga kiritilmadi. Binoning nazorat-tekshiruv punktida bizga ma'lum qilishlaricha, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi matbuot xizmati rahbari tadbirga telekamerani olib kirishni ta'qiqlabdi. 

Biz hayron bo'ldik. Agar TV kamerasi kirishiga ruxsat berilmasa, uchrashuv tashkil qilishdan maqsad nima unda? Ushbu savolni uchrashuv davomida qo'mita raisi Shavkat Abdurazzoqovga berdik. Rais kameralar kirishiga ruxsat berganini ta'kidlab, Matbuot xizmati xodimlariga savol bilan murojaat qildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi Matbuot xizmati vakillari esa, qo'mita rejimli obyekt (!) bo'lgani tufayli texnik vositalarni olib kirishdan oldin ro'yxatga olish va maxsus ruxsatnoma olish kerakligini aytib o'tishdi.

Ammo bu haqida oldindan hech kim telekanal xodimlarini ogohlantirmagan. Qo'mita saytida uchrashuv haqida e'lon qilingan xabarda ham texnika vositalari uchun maxsus ruxsat olish kerakligi haqida hech qanday ma'lumot yo'q. Tashkilot matbuot xizmati OAV vakillari bilan hamkorlik qilish o‘rniga, kameralarni kiritmaslik bilan shug‘ullanishi qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?

O'zi umuman, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi qat'iy rejimli obyektmi?  

Yoqubjon Bobojonov

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21323 | Инструменты