Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga barcha nafaqalarni tayinlash va to‘lash Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga o‘tkazilgani munosabati bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy raqamli texnologiyalarni faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qizg‘in bahs-munozaralar va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21321 | Инструменты