Huawei 1
Yevroparlament Gruziyaning amaldagi hukumatini boykot qilishga chaqirdi

Yevropa Parlamenti Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlarning hukumatlarini Gruziya hokimiyatiga nisbatan keskin choralar ko‘rishga chaqirdi. Bunga mamlakatdagi demokratiya va inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Parlamentning 2024-yil oktabr oyida o‘tkazilgan saylovlardan keyin yanada og‘irlashgan vaziyat bo‘yicha qabul qilgan rezolyutsiyasida shunday deyiladi:

“Avval Yevro-Atlantika integratsiyasi yo‘lida yetakchi bo‘lgan Gruziya hozir demokratiyadan uzoqlashish jarayonini tezlashtirmoqda. Bu mamlakatning Belarus yo‘nalishida harakatlanishiga olib kelishi mumkin, ya’ni hozirgi avtoritar davlat diktatura rejimiga aylanishi ehtimoli bor.”

Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik to‘xtatilishi mumkin

Yevropa deputatlari Yevropa Ittifoqining Gruziyaga nisbatan olib borayotgan siyosatini “darhol va har tomonlama ko‘rib chiqish” kerakligini ta’kidladilar. Bu esa Tbilisiga taqdim etilgan iqtisodiy imtiyozlar va hamkorlikni shartli ravishda to‘xtatishga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, Yevropa Parlamenti Gruziya davlat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan 120 million yevro mablag‘ni mustaqil ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish taklifini ilgari surdi.

Gruziyadagi siyosiy inqiroz faqat yangi saylovlar orqali hal bo‘lishi mumkin

Gruziya hukumatiga namoyishchilarga, siyosiy muxolifatlarga va jurnalistlarga qarshi repressiyalarni zudlik bilan to‘xtatish talabi qo‘yildi. Shuningdek, Yevroparlament Yevropa Ittifoqi va uning a’zo davlatlarini “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan shakllantirilgan bir partiyali parlamentni tan olmaslikka va mamlakatning hozirgi rahbariyatini boykot qilishga chaqirdi.

Rezolyutsiyada Salome Zurabishvilini Gruziyaning qonuniy prezidenti sifatida tan olish davom ettirilishi va uni 2025-yil 20-21 mart kunlari Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammitiga taklif qilish taklif etildi.

Deputatlar fikriga ko‘ra, Gruziyadagi siyosiy inqiroz faqat yangi parlament saylovlarini o‘tkazish orqali hal bo‘lishi mumkin. 

“Yevropa Parlamenti Gruziyada kelgusi bir necha oy ichida yangilangan saylov tizimi asosida yangi parlament saylovlari o‘tkazilishini talab qiladi,” deyiladi rezolyutsiyada.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21321 | Инструменты