4-fevral kuni oʻrganish davomida Toshkent shahri va Toshkent viloyati bilan chegaradosh boʻlgan Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻylab 9 ta nuqtadan havoning ifloslanishi boʻyicha koʻchma laboratoriya orqali THAYda Eshonguzar aholi yashash punktidan Toshkent Pediatriya tibbiyot institutigacha boʻlgan hududidan havoning ifloslanish darajasi boʻyicha tahlillar olib borildi.
Tahlil natijalariga koʻra, PM-2.5, 10 ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan me'yoridan ortiqcha tashlanayotganligi holati aniqlanmadi. Mavjud issiqxonalar faoliyati doimiy ravishda oʻrganilib, issiqxonalarni isitish uchun shina, sellofan, parranda goʻngi va boshqa zararli tutun chiqaruvchi ashyolardan foydalanilishining oldini olish, shuningdek, issiqxonalar dudburonlariga davlat standartlari talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalari (filtr) oʻrnatish boʻyicha profilaktik tadbirlar olib borildi.
Ma'lumot uchun, davlat ekologik nazorati inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan monitoringlar davomida (google xarita yordamida) havoning ifloslanish darajasi ortib ketgan hududda 357 ta 318,265 gektar (shundan Zangiotada 145 ta 138,28 gektar, Qibrayda 134 ta 142,84 gektar hamda Toshkent tumanida 78 ta 37,145 gektar) issiqxonalar oʻrganildi. Natijada issiqxonalarning 258 tasi faoliyat yuritayotganligi, 99 ta issiqxonalar mavsumiy boʻlganligi, ya'ni qozonxonasi mavjud boʻlmaganligi sababli ish faoliyatida emasligi aniqlandi.
Mazkur issiqxonalarning 167 tasida bodring va pomidor, 71 tasida gul, 12 tasida koʻkat va 2 tasida limon, 6 tasida boshqa koʻchatlar yetishtirilayotganligi, shundan issiqxonani isitish uchun 195 tasida koʻmirdan, 53 tasida issiq suvdan va 9 tasida tabiiy gazdan foydalanib kelinishi ma'lum boʻldi. Issiqxonalarning 69 tasida ekologik ekspertiza xulosalari mavjud boʻlib, 32 tasida filtrlar oʻrnatilgan.
Nazorat tabdiri davomida dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 27 nafar issiqxona egalariga ma'muriy jarima qoʻllanildi, 33 tasi boʻyicha faoliyatini toʻxtatish yuzasidan da'vo arizalari kiritildi, 166 tasi davlat standarti talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatmagan taqdirda, qonunchilikka ko‘ra jarimaga tortilishlari haqida ogohlantirildi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Senat issiqxona gazlarining chiqarilishini tartibga solishga oid qonunni rad etgani haqida xabar bergan edik. Qonunda vakolatli davlat organlarini aniq ochib berish, issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash sohasidagi davlat organlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20721 | Инструменты