Huawei 1
Endilikda 18 yoshga to‘lmagan va 60 yoshdan oshgan shaxslar pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi

Senatning uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Amaldagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi Qonun bilan o‘rnatilgan ayrim cheklovlar fuqarolarning respublikamiz hududida erkin harakatlanishi, yashash joy va kelgan joyni tanlash bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlaridan to‘laqonli foydalana olmasliklariga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, doimiy yashash yoki vaqtinchalik turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi respublika bo‘yicha bir xil emasligi fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.

Jumladan, 2024 yilning 11 oyi davomida Toshkent shahrida 243 197 nafar va Toshkent viloyatida 271 541 nafar fuqaro doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan.

Fuqarolar doimiy ro‘yxatdan o‘tishlari uchun amaldagi Qonun bilan tasdiqlangan ro‘yxatda keltirilgan toifalarga mansubligini tasdiqlovchi qo‘shimcha hujjatlarni, yaʼni tug‘ilganlik, nikoh, vasiylik to‘g‘risidagi guvohnoma va boshqa hujjatlarni taqdim etib kelishmoqda.

Fuqarolarning doimiy yashash va vaqtincha ro‘yxatga olinganligi haqidagi maʼlumotlardan aholi soni statistikasini va hududlar infratuzilmasini shakllantirishda, fuqarolarni taʼlim va sog‘liqni saqlash tizimlarida hamda ijtimoiy himoya sohasida qo‘llab-quvvatlashda, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishda keng foydalaniladi.

Senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilingan Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishlari va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishlari, ularni yashash va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi asosiy prinsiplar hamda tushunchalar belgilanmoqda.

Shuningdek, IIVning yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

Fuqarolarga hamda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari, davlat xizmatlari markazlari orqali shaxsan hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda.

“Ye-xabar berish” tizimi joriy etilib, turar joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishga murojaat qilgan O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ularning hisobini yuritish mazkur tizim orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga qo‘yilmasdan istiqomat qilish muddati 15 kundan 10 ish kunigacha qisqartirilib, fuqarolar va turar joy egalarining o‘z vaqtida yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish borasidagi masʼuliyati oshirilmoqda.

Pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda maqbullashtirilib, ularning aniq miqdori belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Qonun bilan 18 yoshga to‘lmagan va 60 yoshdan oshgan shaxslar pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilmasligi to‘g‘risidagi yangi qoida kiritilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi bilan aholining erkin harakatlanishiga oid konstitutsiyaviy huquqi taʼminlanadi. Qonun huquqni qo‘llash amaliyotida ortiqcha byurokratiyaning hamda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12500 | Инструменты