Energetika vazirligi Yunusobodda suv toshishi elektr energiyasi o‘chirilgani tufayli yuzaga kelganini rad etdi

Bugun, 3-iyul kuni Toshkent shahar Yunosobod tumanini suv bosdi. Toshkent shahar “Suv taʼminoti” axborot xizmati boshlig‘i holatga yaqin hududda joylashgan qozonxonada vaqtincha elektr taʼminoti uzilgani sabab bo‘lganini aytdi.

Energetika vazirligi esa Toshkent shahar “Suv ta’minoti”ning mazkur bayonoti haqiqatga mos emasligini va 4-sonli qozonxonada 2—3-iyul kunlari elektr ta’minoti bilan bog‘liq hech qanday uzilish yuz bermaganini ma’lum qildi.
"Suv toshqiniga qozonxona faoliyatining hech qanday aloqasi yo‘q. 4-sonli qozonxona 2024-yilning 2-iyulidan 3-iyuliga o‘tar kechasi barqaror va shtat rejimida faoliyat yuritgan", — deyiladi raddiyada.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda qozonxonaga suv ta’minotining yetarli darajada yetkazib berilmayotgani sababli mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib ishlab chiqarish hajmi pasaytirilgan.

Shuningdek, FVV hodisa oqibatlari haqida ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, hodisa oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan tezkor ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, voqea joyga zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi va FVDT tarkibiga kiruvchi korxona, tashkilotlarning kuch vositalari jalb etilgan. Hozirgi vaqtda Toshkent shahar “O‘zsuvta’minot” tomonidan quvurlarda suv bosimi kamaytirilib, ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 

Holat oqibatida 13 ta ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismi va ichki yo‘llarga suv kirishi kuzatilgan. Hodisa natijasida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q.

Vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Yaqin soatlarda vaziyat bartaraf etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70523 | Инструменты