Birlashgan Arab Amirliklarining Gulf tibbiyot universiteti jahondagi eng nufuzli TOP-500 oliy o‘quv yurtlari qatoridan joy olgan.
Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti mazkur muassasa bilan birgalikda “Doctor of medicine” (terapiya) mutaxassisligi bo‘yicha magistratura yo‘nalishida qo‘shma taʼlim dasturini ishga tushirdi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Farg‘onaga tashrif buyurgan Gulf tibbiyot universiteti hamda Tumbay universiteti prezidenti Tumbay Mo‘ydin boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Muloqotda xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash, ilmiy sohadagi aloqalarni kengaytirish, taʼlim jarayoniga eng so‘nggi innovatsiyalarni joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti rektori Akmal Sidikov bu hamkorlik O'zbekistonda tibbiy taʼlim rivoji uchun katta ahamiyatga egaligi hamda taʼlim eksporti orqali 5 yil davomida yiliga qo‘shimcha 1 million dollardan investitsiya jalb qilish imkoniyati yuzaga kelishini qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, mazkur qo‘shma taʼlim dasturi doirasida magistratura bosqichida taʼlim oluvchi talabalar Buyuk Britaniyaning “QualityAssurance Agency” tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladigan xalqaro diplomga ega bo‘ladi. Bu esa ularga dunyo miqyosda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish imkonini beradi.
Taʼlim jarayoni ingliz tilidagi zamonaviy o‘quv dasturlari asosida olib boriladi. Binobarin, kelgusida talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yilib, qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirilishi hamda xalqaro konferensiyalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22208 | Инструменты