Huawei 1
Farg‘onada mashina sabab o‘z o‘g‘lini o‘ldirgan otaga sud hukmi o‘qildi

Farg‘ona viloyatida mashina ortidan kelib chiqqan janjal sabab ota o‘g‘lini o‘ldirdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sudlanuvchi erkakning o‘g‘li o‘zga bir shaxsdan avtomashina ijaraga olib, foydalanib yurgan. Oradan vaqt o‘tib, ijaraga olingan mashinani 2700 AQSH dollari qarz evaziga yana bir shaxsga garovga bergan. Otasi qarzni to‘lab, transport vositasini egasiga qaytargan.

Biroq o‘g‘il ijara va qarz borasidagi avvalgi ishini takrorlagan. O‘zi mashinasiz qolgani uchun otasi tomonidan ijaraga olingan  Lacetti mashinasidan foydalanib turishni xohlagan. Oqibatda ota va o‘g‘il o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Shundan so‘ng otasi turmush o‘rtog‘ining ijaradagi uyiga ketib qolgan. Biroq o‘g‘il otasining ortidan kelib, shu yerda ham janjalni davom ettirgan.  U otasidan avtomashinani berishini talab qilib, agar bermasa, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham uni tortib olishini aytib, otasini haqorat qilgan.

So‘ngra ota o‘g‘lini bolalar xonasiga olib kirib, dastlab dazmol bilan uning bosh sohasiga bir necha marotaba urib, hushsiz holda polga yiqilganidan so‘ng, bosh va tanasining turli joylariga xonada bo‘lgan tikuv mashinasi bilan urib, ventilyatorni bosh qismiga otib, uning hayoti uchun muhim bo‘lgan a’zolariga tan jarohati yetkazgan. O‘g‘il olgan tan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan sud ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi  (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22420 | Инструменты