Taniqli bloger Farhod Mannopov vafot etgan “Star med” klinikasi (“Omad plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyati)ga berilgan litsenziya sudning hal qiluv qarori bilan bekor qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Bugun, 2-iyun kuni Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra Sog‘liqni saqlash vazirligining “Omad plyus” MCHJga nisbatan berilgan lisenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi qanoatlantirilib, “Omad plyus” MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan 2021-yil 16-fevraldagi 27390032-raqamli lisenziya bekor qilingan.
Qayd etilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi “Omad plyus” MCHJga nisbatan 2023-yil 28-aprel kuni Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza bilan murojaat qilib, uning litsenziyani bekor qilishni so‘ragan.
Arizada litsenziyani bekor qilishning asoslari sifatida xalq orasida “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan marhum F. Mannopovga tibbiy yordam ko‘rsatgan shifokorlarda malakaviy toifa mavjud bo‘lmaganligi, birlamchi tibbiy hujjatlar lozim darajada yuritilmaganligi, tibbiy texnikaning metrologik me’yorlarga mosligi bo‘yicha davriy tekshiruv o‘tkazilmaganligi kabi bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi, javobgar tomonidan marhum F. Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatishda bir qator lisenziya talab va shartlari buzilganligi, ushbu holatlar “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunning 33-moddasi talabiga ko‘ra lisenziyani bekor qilish uchun asos bo‘lishi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, MittiVine taxallusi bilan ijod qilgan, Instagram'da 1,2 millionlik auditoriyaga ega bo‘lgan Farhod Mannopov bir necha kun avval cho‘milayotganda boshini basseyn devoriga qattiq urib olib, burni singan, shundan so‘ng operatsiya stoliga yotgan vayner komaga tushib qolib, vafot etgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122023 | Инструменты