Huawei 1
FVV vakili: “Boysundagi konni jilovlash ishlari yaqin kunlarda amalga oshiriladi”

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati rahbari o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev 11-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi hamon vodorod sulfid chiqishda davom etayotgan “Mustaqillikning 25 yilligi” (M-25) gaz konidagi vaziyatni izohladi.

U geolog sifatida tabiatdagi gaz konlari ikkita bir xil qatlam o‘rtasidagi yuqori bosim ostida ekani haqida gapirdi. Joylarda nafaqat metan gazi, shuningdek, yondosh gazlar: propan, butan, vodorod sulfid, karbonat angidrid va boshqa tarkibiy qismlar ham mavjud.

Burg‘ilash jarayonlarida yuqori bosimga ega bo‘lgan qatlamni yorib tushgan paytda bu joyda bosim bilan gaz chiqa boshlaydi. Xalqaro tajribalarda ba’zida bunday holatlar juda katta yong‘inlar va portlashlar bilan kechganini ko‘rish mumkin.

“Boysundagi kon endi o‘zlashtirilmoqda. 1-sentabr kuni gaz sizib chiqib boshlagan bo‘lsa, qisqa vaqt ichida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, „O‘zbekneftgaz“ va aholini muhofaza qiluvchi bir qator mas’ul boshqa tashkilotlar bilan bir nechta aholi punktlari, qishloqlarni evakuatsiya qildi. Aholi boshqa joyga ko‘chirildi. Ayni vaqtda gazning tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida ushbu joydagi burg‘ilash qurilmalari yaqinida qo‘shimcha [quduq] qazilgan va yomon gazlar yondirib qo‘yilgan. Bu amaliyot butun dunyoda ham bor”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda “gazni jilovlash”, uni siqib olish bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil qilingan.

“O‘zbekneftgaz“ asosiy ishlarni bajarmoqda. Ular bilan hamkorlikda joyida shtab tashkil qilingan. Hukumat komissiyasi mana shu joyda bor. Aholini iloji boricha xavflarning oldini olish bo‘yicha bir qator shoshilinch choralar amalga oshirilyapti”, — dedi mutaxassis.

Samandar Hikmatullayevning ta’kidlashicha, ayrim hollarda aholining yashash joylariga qaytayotganini ham kuzatish mumkin.

“Bugungi kunga qadar ommaviy zaharlanishlar yo‘q. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlardan ko‘ryapmiz yoki bizda ham ma’lumotlar bor: ba’zi odamlar uyi, chorva mollaridan xavotirlanib, o‘zlarining [voqea joyi yaqinidagi] uylariga qaytib kelishgan va gaz bilan yengil zaharlanish holatlari bor. Ular shifokorlarga murojaat qilganidan so‘ng kerakli yordamni olishadi”, — dedi vazirlik xodimi.

Shuningdek, Samandar Hikmatullayev Boysunda obodonlashtirish bo‘limi xodimlari ham gaz bilan zaharlangani va qisqa vaqt ichida kasalxonada tibbiy ko‘rikdan o‘tgach, o‘z ishini davom ettirayotganini tasdiqladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakilining aytishicha, yaqin kunlarda konni jilovlash ishlari amalga oshiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91801 | Инструменты