Huawei 1
Huquqiy bilim jamiyatning har bir a’zosida bo‘lsin: Qoraqalpog‘istondagi "Adliya sayli"dan eksklyuziv

Bugun davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida, shu jumladan inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda Qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash eng muhim vazifalardan biridir. Ayni paytda umuminsoniy qadriyatlar va umume’tirof etilgan huquq andozalariga asoslangan, shaklan va mohiyatan yangi qonunlar qabul qilinmoqda. Ularning asosida qonuniylik, demokratizm, odillik, insonparvarlik kabi eng zarur prinsiplar yotadi. Bular esa jamiyatning har bir a’zosiga yetib borishi, har bir xonadonga kirib borishi kerak. Aholining barcha qatlamlari huquqiy savodxonligini oshirish, yuksak darajadagi huquqiy ongga ega bo‘lishlari hamda huquqiy bilimlarini kundalik hayotda qo‘llay olishlari bugun juda muhim.

"Mamlakat kelajagi — qonunga itoatkor va huquqbuzarlikka toqatsiz yoshlar bilan" g‘oyasi asosida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, ularda qonunlarga hurmat, mamlakat taqdiriga daxldorlik hamda vatanparvarlik hissini kuchaytirishga qaratilgan kompleks huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish ham ayni paytda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib turibdi.

Shu maqsadda Adliya vazirligi tomonidan mamlakatimizning turli hududlarida odamlarga huquqini anglatish mezoniga asoslangan tadbirlar tez-tez tashkil etiladi. Adliya vazirligi ishchi guruhi tashabbusi bilan 18 sentyabr kuni Nukus shahridagi Mono markazda o‘tkazilgan "Adliya sayli" huquqiy aksiyasida ham aholining katta qatlami qamrab olindi.

Hayotning barcha tashvishlarini chetga surib, shunchaki sayr uchun chiqqan fuqarolarni advokatlar, notariuslar, sud tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari qarshi oldi. Odamlar yana hayot tashvishlariga qaytgan bo‘lsada, anchadan beri tinchlik bermayotgan o‘ylari, muammolaridan qutilish, ularga yechim topish imkoniyati yuzaga kelgan edi. Barcha sohalar bo‘yicha berilayotgan bepul huquqiy maslahatlar hamma uchun ayni muddao bo‘ldi.

Sayilga fuqarolar, adliyaga biriktirilgan yoshlar, Nukus shahrida joylashgan barcha oliy o‘quv yurtlari, texnikumlar, maktablar, Ichki ishlar akademiyasi, Temurbeklar maktabidan jami 2000 ga yaqin aholi tashrif buyurdi.

Dastlab, tadbir "Salomatlik uchun besh ming qadam" loyihasi bilan boshlanib, loyiha ishtirokchilari manzilga yetib kelganidan so‘ng davlatimiz madhiyasi yangradi.

Shundan so‘ng, sayil davomida sovrinli viktorinalar, sport musobaqalari, madaniyat xodimlarning konsert dasturi, nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, Hunarmandlar uyushmasi ko‘rgazmasi, sayyor qabullar, mehnat yarmarkalari, harbiy chiqishlar namoyish etilib, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatildi, shuningdek, psixolog maslahatlari ham berildi.

Sayil davomida Mudofaa boshqarmasi orkestrlari va madaniyat xodimlarining konsert dasturi, sportchi yoshlar tomonidan sportning karate, gimnastika va dzyu-do turlari bo‘yicha chiqishlari namoyish etildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar yarmarkasi, Hunarmandlar uyushmasi ko‘rgazmasi, X.Sulaymanova nomidagi sud ekpertizasi hududiy bo‘limi va Ichki ishlar vazirligiga tegishli xizmat buyumlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Davlat xizmatlari markazi tomonidan sayyor tartibda 20 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Ayniqsa, fuqarolar O.Aytыmbetov va Sh.Qыdыrbayevalarning turmush qurib, 8 oydan beri birga yashab kelayotganligi, ammo nikohi qayd etilmaganligi muammosi bilan qilgan murojaati tez fursatda o‘rganilib, yosh oilaning xursandchiligiga sabab bo‘ldi. Shu yerning o‘zida FHDYO bo‘limi tomonidan ularga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi, M.Mambetaliyev va N.Asanovalarga esa farzandlarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari topshirildi.

E’tiborlisi, sayyor qabulda aholi tomonidan 40 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, shundan 12 tasi shu yerning o‘zida hal qilindi va 28 tasi nazoratga olindi.

Tizimda xotin-qizlar, shu jumladan nogironligi bo‘lgan ayollarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarni yanada kengroq tushuntirish maqsadida mahallalarda yetakchi mutaxassislarni jalb qilgan holda "Ayollarga imtiyozlar" mavzusida suhbatlar tashkil qilib boriladi. Shuningdek, psixologlar, otinoyilar va boshqa ijtimoiy faol xotin-qizlarni jalb qilgan holda mahallalardagi ayollar o‘rtasida farzandlar tarbiyasi, oilaviy totuvlik, huquq va axloq mavzularida uchrashuvlar, profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, adliya tizimida yoshlar bilan ishlash masalasi har doim muhim o‘rinlarda turadi. Adliya vazirligi tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bugun 500 nafarni tashkil qilmoqda. Ular bilan manzilli ishlash maqsadida adliya organlariga biriktirilgan 1 070 MFYda istiqomat qiluvchi 424 494 nafar yoshlarga 2 355 nafar adliya organlari xodimlari biriktirilgan. 339 402 nafar yoshlar bilan uchrashilib, anketalar va "yo‘l xarita"lar shakllantirilgan. Ushbu uchrashuvlar davomida yoshlarning 33 124 ta muammolari aniqlanib, shundan 19 748 nafar yoki 60 foiz yoshlarning muammolari ijobiy hal qilindi.

"Adliya sayli" yana ham qizg‘in tus olishi, aynan yoshlarga yana ko‘tarinki kayfiyat ulashish, intellekt va bilimini oshirish maqsadida sayl davomida tadbirga tashrif buyurgan yoshlar o‘rtasida intellektual o‘yinlar ham o‘tkazildi.

"Zakovat" intellektual o‘yinida 1-o‘rinni "Temurbeklar" jamoasi, 2-o‘rinni "Adolat" jamoasi, 3-o‘rinni "Veterinariya" jamoasi egalladi va g‘olib bo‘lgan ishtirokchilar vazirlik tomonidan tayyorlangan diplom hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Bunday tadbirlarning amalga oshirilishi aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy savodxonligini yanada oshirishga, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada kuchaytirishga, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, sog‘lom turmush tarzini mustahkamlashga, madaniy dam olishlariga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91918 | Инструменты