Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Jahon bankining atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy ofatlar xavfini boshqarish, yer resurslarini barqaror rivojlantirish bo‘yicha global direktori Sameh Vahba bilan uchrashdi.
Uchrashuvda tomonlar irrigatsiya, landshaftlarni tiklash va havo ifloslanishini nazorat qilish sohalariga sarmoya kiritish borasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalasini muhokama qildilar. Shuningdek, Markaziy Osiyoda yer degradatsiyasi, cho‘llanish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga qaratilgan RESILAND loyihasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur loyiha Jahon bankining mintaqa ekotizimlarini barqaror rivojlantirish va muhofaza qilish strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va "yashil iqtisodiyot" yili” deb e’lon qilish tashabbusi xorijiy tomonga taqdim etildi. Joriy yil dasturiga quyidagilar kiradi: Samarqand iqlim forumi (4–5 aprel), “Eco Expo” xalqaro ekologik texnologiyalar koʻrgazmasi (3–5-iyun) va Yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo toʻgʻrisidagi konvensiya ishtirokchilarining 20-konferensiyasi (CITES COP20 24-noyabr — 5-dekabr).
S.Vaxba vazirga Jahon bankining “Toshkent shahrida havo sifatini baholash” va vazirlik mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “O‘zbekistonda havo sifatini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasi” hisobotlarini taqdim etdi. Jahon banki, shuningdek, havo sifatini monitoring qilish va yaxshilash borasida hamkorlikni kuchaytirishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar buzilgan landshaftlarni tiklash, ekoturizmni rivojlantirish va mahalliy hamjamiyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga umid bildirdi. Atmosfera havosi monitoringi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30501 | Инструменты