Avvalroq, AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbariyati “tinchlik tarafdori” ekanini namoyish qilmaguncha, Rossiyaga qarshi mudofaa urushida Ukrainaga harbiy yordamni muzlatishga buyruq bergandi. Agar AQSH harbiy yordamni to‘xtatsa, Ukraina hozirgi jangovar harakatlar sur’atini faqat bir necha hafta yoki, ehtimol, yoz boshigacha saqlab qolishi mumkin. Bu haqda CNN Yevropa rasmiylariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati vakolat muddati tugashidan oldin Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirgan va mamlakatni zamonaviy qurollarning katta zaxiralari bilan ta’minlagan.
Nashrga ko‘ra, Yevropa davlatlari AQSH artilleriya yetkazib berishining o‘rnini qoplashi mumkin, biroq Kiyev tomonidan qo‘llanilayotgan eng zamonaviy qurollar asosan Qo‘shma Shtatlardan keladi. Aynan o‘sha murakkab qurollar, jumladan uzoq masofali ATACMS raketalari Ukrainaga Rossiya hududiga chuqur zarba berishga imkon bergan. Agar bu qurollarning yetkazib berilishi to‘xtab qolsa, bu strategiya jiddiy zarar ko‘rishi mumkin.
Rossiya-Ukraina urushini yaqindan kuzatib borayotgan Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining katta maslahatchisi Mark Kansianning aytishicha, yordamning to‘xtatilishi Ukrainaga ikki-to‘rt oy ichida sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, chunki Yevropa mamlakatlaridan kelayotgan yordam Kiyevga hozircha urushni davom ettirish imkonini bermoqda.
“Shuning uchun ular birdan qulamaydi, lekin ta’minot ikki baravarga qisqarib ketganda, oxir-oqibat bu oldingi chiziqlarda seziladi. Ularning oldingi chiziqlari asta-sekin egila boshlaydi va oxir-oqibat butunlay qulab tushadi, natijada Ukraina og‘ir, hatto halokatli tinchlik shartnomasini qabul qilishga majbur bo‘ladi”, deydi u.
Kansianning ogohlantirishicha, Tramp ma’muriyati Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamning boshqa turlarini ham to‘xtatishi yoki butunlay bekor qilishi mumkin, jumladan, razvedka ma’lumotlarining almashinuvi va Ukraina kuchlarini tayyorlash jarayoni.
“Bu vaziyatdan chiqish yo‘li bo‘lishi mumkin, lekin bu Zelenskiy uchun juda tahqirli bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi Kansian.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30502 | Инструменты