Aniqlanishicha, mast bo'lgan fuqaro aliment pullarini bermaslik maqsadida janjal ko'targan
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida sud ijro hujjatiga asosan aliment pulini undirish uchun borgan majburiy ijro byurosi ijrochisi pichoqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi MIBning tuman bo‘limi ijrochisi Kaltatoy qishlog‘ida yashovchi fuqarodan shu qishloqda istiqomat qiluvchi sobiq turmush o‘rtog‘ining bir nafar voyaga yetmagan farzandi foydasiga 15 million so‘m aliment pullarini undirish to‘g‘risidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Gʻallaorol tuman sudi ijro hujjatiga asosan ikki nafar hamkasbi bilan borgan.
Xonadon sohibi mast holatda aliment pullarini bermaslik maqsadida janjal ko‘tarib, qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan xizmat vazifasini bajarayotgan majburiy ijro byurosi xodimining tanasiga bir necha marotaba urib, jarohat yetkazgan.
Oqibatda jabrlanuvchi "qorin bo‘shlig‘ining chap va pastki qismi, ko‘krak qafasining chap biqin sohasi hamda chap yelka sohalariga sanchilib kirgan jarohati" tashxisi bilan tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch bo‘limiga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar natijasida uning hayoti saqlab qolingan.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Toshkentda o'z farzandi, ayoli va yana 2 nafar qarindoshini pichoqlagan shaxs aniqlangani, Qashqadaryoda bir guruh shaxslar janjallashgani oqibatida 2 nafar erkak pichoqlangani, Qarshida janjal qilib, pichoq bilan IIO xodimlariga hujum qilgan 2 nafar shaxs jazoga tortilgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 71716 | Инструменты