Huawei 1
Ko‘p kvartirali uylarning konstruksiyalarini buzish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi

Qurilish sohasidagi qonunbuzilishlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan «Seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Qonun loyihasining ahamiyati, zarurati va unda nazarda tutilayotgan tartiblar haqida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari o‘rinbosari Azlar Sodiqov maʼlumot berdi:  

– Bugungi kunda respublikamizda barpo etilayotgan va qayta taʼmirlanayotgan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishda tashkilotlarning masʼuliyatini oshirish, shaharsozlik qonunchiligida belgilangan talablarga qatʼiy rioya etish borasida nazorat qilishni kuchaytirish hamda sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatga jazo taʼsirchanligini oshirish zarurati yuzaga kelmoqda.  

Raqamlarga to‘xtalsak, 2019 yilda 71,1 trillion so‘mlik, 2020 yilda 88 trillion so‘m, 2021 yilda 107,4 trillion so‘m, 2022 yilda 130,7 trillion so‘m, 2023 yilda 149,9 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Ushbu jarayonlarni nazorat qilish davomida 2019 yilda 29 ming 414 ta, 2020 yil 25 ming 10 ta, 2021 yilda 31 ming 90 ta, 2022 yilda 32 ming 5 ta, 2023 yilda 35 ming 198 ta, shu yilning 2 oyi davomida 23 ming 676 ta obyekt ro‘yxatga olinib, davlat nazorati o‘rnatilgan.  

Qurilish tashkilotlarining masʼuliyatini oshirish, nazoratni kuchaytirish, qonunbuzilishlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish lozim. Amaldagi maʼmuriy javobgarlik taʼsiri past bo‘lganligi bois shaharsozlik qoidalarini buzish holatlari ko‘paymoqda. Bino foydalanishga topshirilmasdan turib, xonadonlarga kirib yashash, bosh rejalarni buzish holatlari mavjud. Ko‘p kvartirali uylarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish va rekonstruksiya qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmagan.  

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarliklarni kuchaytirish taklif etilmoqda. Shuningdek, inspeksiya yoki sudlarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish maqsadida maʼmuriy jarimalar miqdorini yagona qilib belgilash, yaʼni amaldagi maʼlum bir summadan maʼlum summagacha degan normadan voz kechish taklif etilmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Jinoyat kodeksining amaldagi 229/3-moddasining sanksiyalari kuchaytirilib, bosh rejalarga zid ravishda qurganlik, foydalanishga qabul qilish qoidalarini buzganlik, ko‘p kvartirali uylarning yerto‘la va birinchi va qavatidagi konstruksiyalarni buzganlik va ruxsat olmasdan qurganlik uchun jinoiy javobgarliklar belgilanmoqda. Ushbu jinoyatlar uchun 229/3-moddada maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki shu muddatga ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llash taklif etilmoqda, – dedi maʼruzachi.  

Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi shaharsozlik faoliyati sohasida ko‘payib borayotgan noqonuniy qurilishlarning oldini olishga, tasdiqlangan bosh rejalarga rioya etilishini taʼminlashga, aholining sog‘ligi, hayoti va xavfsizligini taʼminlashga, qurilish sifatini oshirish, sodir etilgan huquqbuzarliklarni kamaytirib, jazoning taʼsirchanligini oshirishga xizmat qiladi.  

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi, qator savollar o‘rtaga tashlandi va masʼullardan tegishli javoblar olindi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110717 | Инструменты