Huawei 1
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish tizimi takomillashtirilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, amaliyotda qarzdor tomonidan kredit (ipoteka) shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarilmaganda kreditorning (bankning) garov bilan taʼminlangan talablarini suddan tashqari tartibda garov mulkiga qaratish, garovga oluvchining garov predmetiga bo‘lgan huquqlari ustuvorligini taʼminlashda bir qator muammolar mavjud.  

Xususan, mol-mulkni garovga olishda boshqa shaxs roziligi yoki organning ruxsati olingan bo‘lsa, garovga oluvchining mazkur mol-mulk garovi bilan taʼminlangan talablari faqat sud tartibida qanoatlantirilishi belgilangan. Shu bilan birga, ipotekaga oluvchi talablarini ipoteka hisobidan suddan tashqari tartibda qanoatlantirish tugallangandan so‘ng qarzdor majburiyatining qoplanmagan qismini qarzdorning boshqa mol-mulki hisobidan so‘ndirish huquqining yo‘qligi qarzdorliklarni suddan tashqari tartibda undirish amaliyotining rivojlanishiga to‘sqinlik qilib kelmoqda.  

Ushbu qonun loyihasi bilan majburiyatlar bajarilishining taʼminoti sifatida taqdim etilgan mol-mulkka nisbatan kreditorlar huquqlarining ustuvorligini taʼminlash, garovga qo‘yilgan mol-mulkni auksion orqali sotish tartibini takomillashtirish hamda mustaqil baholovchi tashkilotni jalb qilgan holda mol-mulkning boshlang‘ich sotuv narxini bozor qiymatidan kelib chiqib belgilash, shuningdek, garov bilan taʼminlangan majburiyatlarni suddan tashqari tartibda undirish amaliyotini takomillashtirishga eʼtibor qaratilmoqda.  

Mol-mulkni garovga olishda boshqa shaxs roziligi yoki organning ruxsati olingan bo‘lsa, garovga oluvchining mazkur mol-mulk garovi bilan taʼminlangan talablarini sudgacha qanoatlantirish tartibi belgilanmoqda.  

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi kreditorlarning garov mulkiga nisbatan huquqlari ustuvorligini taʼminlash, garov narsasini suddan tashqari tartibda realizatsiya qilish tizimini takomillashtirish, majburiyatni garovdagi mol-mulk hisobidan undirish jarayonlarini soddalashtirish hamda kredit tashkilotlarining kredit portfelidagi muammoli aktivlar ulushining kamayishiga xizmat qiladi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21215 | Инструменты