Latviyada o‘zbekistonlik ishchi kuchiga kvota belgilanmaydi. Bu haqda Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Latviyadagi elchixonasi masʼullaridan iborat delegatsiyaning Latviya Farovonlik vaziri Uldis Augulis bilan Rigada o‘tgan uchrashuvda maʼlum qilindi.
Unda o‘zbekistonlik ishchi kuchiga Latviyada munosabat ijobiy ekanligi va hamyurtlarimiz yaxshi taassurot qoldirayotgani taʼkidlandi.
Bugungi kunda ushbu davlatda 4000 dan ortiq o‘zbekistonliklar mehnat faoliyatini olib bormoqda. Uchrashuvda bu raqamni yana-da ko‘paytirishga ikki tomonda ham istak borligi taʼkidlandi. Shu bois, ishchilar soniga kvotalar belgilanmaydi.
Foto: Migratsiya agentligi matbuot xizmati
Latviyada ishlamoqchi bo‘lganlarning huquqlari davlat darajasida himoya qilinadi
Rigadagi navbatdagi uchrashuv Latviya Ichki ishlar vazirligining Parlament kotibi Igor Rayevs hamda vazirlik masʼullari bilan bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda, Latviyada ishlash istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini xavfsiz, tartibli va tashkillashtirilgan tarzda jalb qilish, huquqiy himoyasini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
Latviyadagi yirik logistika kompaniyasi - “Kreiss” bilan o‘tkazilgan muzokaralarda fuqarolarimizni tashkiliy tartibda ishga joylashtirish, O‘zbekistonda “Kreiss”ning yuk avtotransporti haydovchilarini tayyorlov o‘quv markazlarini tashkil etish hamda 2025 yilda o‘zbekistonlik 400 nafar yuk avtotransporti haydovchisini “Kreiss” kompaniyasiga ishga joylashtirishni o‘z ichiga olgan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Foto: Migratsiya agentligi matbuot xizmati
“Kreiss” 2024-yilda 215 mingta xalqaro yuk tashishni amalga oshirgan. Kompaniyaning 1500 ta avtotrakdan iborat o‘z avtoparki mavjud. 3000 nafar xodim ishlaydi, ular orasida bir guruh o‘zbeklar ham bor.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin Migratsiya agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi hamkorligida “Japan Career Portal” ishga tushirilgani haqida xabar bergan edik. “Japan Career Portal” O‘zbekiston fuqarolariga Yaponiyada mehnat migratsiyasi, taʼlim va yashash imkoniyatlari haqida ishonchli maʼlumotlarni taqdim etuvchi universal platforma sanaladi. Bundan tashqari, yaponiyalik ish beruvchilarga o‘zbekistonlik mutaxassislarning salohiyati va kasbiy sifatlari haqida to‘liq maʼlumotlar taqdim etib boriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13100 | Инструменты