Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya direktori Abdusamat Xaydarov va Malayziya Diplomatiya va tashqi aloqalar instituti bosh direktori Sayed Mohamad Bakri o'rtasida onlayn uchrashuv o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Muloqot chog'ida Malayziya tomoniga Diplomatik akademiyaning ustuvor vazifalari, tashkil etiladigan o'quv kurslarning maqsadi va ko'lami haqida batafsil ma'lumot berildi.
Shuningdek, istiqbolli hamkorlik yo'nalishlari, diplomatik kurslar tashkil qilish bo'yicha tajriba almashish, qo'shma tadqiqotlar o'tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida O'zbekiston va Malayziya muassasalari tinglovchilari uchun maxsus ma'ruzalar va o'quv kurslarini ishlab chiqish, o'zaro qiziqish kasb etuvchi mavzularda seminar va anjumanlar o'tkazish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Onlayn uchrashuv doirasida 2025-yilda Malayziyada tashkil etiladigan iqtisodiy diplomatiya mavzusidagi malaka oshirish kurslarida mamlakatimiz vakillarining ishtirok etishi kelishib olindi.
Malayziya Diplomatiya va tashqi aloqalar instituti 1991-yilda tashkil topgan va mazkur mamlakat diplomatlarining xalqaro munosabatlar, strategik tahlil va inqirozlarni boshqarish kabi yo'nalishlarda malakasini oshirish, shuningdek, xalqaro va mahalliy mutaxassislar uchun diplomatiyaning turli yo'nalishlari bo'yicha maxsus o'quv-amaliy kurslar tashkil qilish bilan shug'ullanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122119 | Инструменты