Milliy oshxona turizm brendi sifatida: O‘zbekiston Osiyoni zabt etmoqda

10-11 may kunlari Seulda Turizm qo‘mitasi ko‘magida O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi vakillari Osiyoning eng yirik gastronomik tadbiri – “The 22nd Seoul International Food & Tableware Festival 2025” festivalida ishtirok etib, nufuzli “Seoul International Food Olympics 2025” musobaqasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

Dunyoning 30 mamlakatidan kelgan 1000 dan ortiq professional oshpazlar bilan kuchli raqobatga qaramay, milliy jamoamiz yuqori mahorati, o‘ziga xos taom taqdimoti va milliy an’analarga sodiqligini namoyon etgani uchun hakamlar hay’atining yuksak bahosiga sazovor bo‘ldi.

Xalqaro oshpazlik musobaqalaridagi g‘alabalar O‘zbekistonning jahon maydonidagi obro‘sini mustahkamlabgina qolmay, mamlakatning betakror ta’mlari va boy oshpazlik madaniyatini o‘rganishga intilayotgan chet ellik sayyohlar qiziqishining ortishiga ham turtki bo‘lmoqda. O‘zbek oshxonasi o‘ziga xosligi va rang-barangligi bilan madaniy merosning muhim qismiga aylanib, turistlarni jalb etuvchi omil sifatida tobora ko‘proq e’tirof etilmoqda.

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish strategiyasida gastronomik turizmni rivojlantirish eng muhim vazifalardan biri sanaladi. Mamlakatimiz vakillariga xalqaro ko‘rgazma va tanlovlarda ishtirok etishda har tomonlama ko‘mak berilmoqda, shu bilan birga mamlakat ichida tegishli infratuzilma jadal sur’atda takomillashtirilmoqda - mavzuli restoranlar, oshpazlik maktablari ochilmoqda hamda mintaqalar bo‘ylab gastronomik sayohatlar uyushtirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlarning barchasi O‘zbekistonni jahon sayyohlik xaritasida mashhur gastronomik yo‘nalishga aylantirish maqsadiga qaratilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22018 | Инструменты