Huawei 1
Milliy valyutadagi ko‘chmas mulk o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44 foizga qimmatlashdi

Markaziy bankning joriy yilning I yarim yillik moliyaviy barqarorlik sharhida qayd etilishicha, mamlakatimizda uy-joy narxi yuqoriligicha qolmoqda – uning bozor narxi fundamental narxdan 28 foizdan yuqori. Narxlar ish haqiga nisbatan 1,8 baravar tezroq o‘smoqda.

Uy xo‘jaliklari daromadlaridan tezroq o‘smoqda.  Birinchi yarim yil yakunida milliy valyutadagi ko‘chmas mulk 2023 yilning shu davriga nisbatan 44 foizga, dollarda esa 23 foizga qimmatlashdi.

Uy-joy narxlari nofundamental omillar (real iqtisodiy sharoitlar bilan bog‘liq bo‘lmagan) tufayli yuqori darajada shakllanmoqda. Uy-joy narxlarining shakllanishida qurilish-montaj ishlari narxlari ortishining taʼsir darajasi kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Xususan, qurilish hajmining YAIMga nisbati 2024 yil I yarim yilligi yakunida 14 foizni tashkil etib, 2023 yilning mos davriga nisbatan qariyb 0,5 foiz bandga kamaygan. Shuningdek, 2024 yil 1 iyul-2023 yil 1 iyul davr oralig‘ida qurilish-montaj ishlari narxi 4 foizga o‘sgan.

Yuqori uy-joy narxlari yuqori talabni va ko‘chmas mulk bozorida mavjud taklif nomutanosibligini saqlab qoladi.

Markaziy bank yuqori baholangan uy-joy narxlaridagi tuzatishlar xavfi saqlanib qolishini, yaʼni real iqtisodiy omillarni hisobga olgan holda fundamental, obyektiv qiymatga yaqinroq bo‘lgan uy-joy narxining yana-da barqaror darajaga tushishi ehtimolini qayd etmoqda.

Joriy yilning birinchi yarmi yakuni bo‘yicha ko‘chmas mulk bozor narxlarining mamlakat aholisining o‘rtacha iqtisodiy ahvolini aks ettiruvchi aholi jon boshiga nominal YAIMga nisbati 28 foizni tashkil etdi. Bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 3 foizga ko‘p. Uy-joy narxlarining aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan nominal YAIMga nisbati ko‘rsatkichidagi o‘sish surʼati uning tarixiy standart chetlanishiga nisbatan yuqori shakllanmoqda. Bunday holat ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarini yuqori baholanganligi hamda maʼlum bir vaqt o‘tishi bilan narxlarning pasayish ehtimoli yuqori ekanidan dalolat beradi.

Boshqacha aytganda, tartibga soluvchi organ uy-joy narxlarining hozirgi o‘sishi barqaror emasligi va kelajakda ularning yana-da muvozanatli darajaga qaytishi ehtimoli borligi haqida ogohlantirmoqda.

Joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, uy-joy narxlari yillik o‘sish surʼatining ijara haqining o‘sish surʼatiga nisbati 3,4 ni tashkil etdi. O‘z navbatida, 2024 yil II choragida uy-joy narxlari va ijara haqlari yillik o‘sish surʼatlarining o‘zaro nisbati pasaygan bo‘lsa-da, ushbu ko‘rsatkich yuqori hisoblanadi. Buning sababi shundaki, uy-joyga investitsiya sifatida qaraydigan ko‘chmas mulk bozori ishtirokchilari ijara daromadidan ko‘ra narx o‘zgarishidan ko‘proq foyda kutmoqda.

Ish haqi va uy-joy narxlarining o‘sish surʼatlari orasidagi tafovut yuqori darajada saqlanib qolmoqda. 2024 yilning dastlabki yarim yilligida o‘rtacha ish haqi 2023 yilning mos davriga nisbatan 17,7 foizga o‘sgan. Uy-joylarning bozor narxlari esa o‘rtacha ish haqining yillik o‘sish surʼatiga nisbatan 1,8 barobar tezroq oshgan.

O‘zbekistonning demografik ko‘rsatkichlari ko‘chmas mulk bozorida yuqori talabning saqlanib qolishini ko‘rsatmoqda. 2024 yilning I yarim yilligi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi yillik hisobda 2,1 foizga oshib, 37,1 mln. kishini tashkil etdi.

Biroq ko‘chmas mulk bozoridagi faollik biroz kamaygan. Birinchi yarim yillikda notarial idoralarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 160 mingta bitim tuzildi, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 3,3 foizga kam.

Uy-joy bozoridagi faollikning pasayishi aholining xarid qobiliyati darajasi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deya qayd etadi Markaziy bank. Bundan tashqari, birinchi yarim yil yakunlariga ko‘ra, har 1000 doimiy aholiga to‘g‘ri keladigan ipoteka krediti oluvchilar soni 10 nafarni tashkil etdi, bu 2023 yilga nisbatan 9 foizga ko‘p. Ipoteka kreditiga ega aholining past ulushi kelajakda ipoteka kreditlashni kengaytirish hisobiga ko‘chmas mulk bozorida qo‘shimcha talabni yuzaga keltirishi mumkin.

Shuni ham aytish joiz, kreditga uy-joy sotib olish qiyinlashdi. Aholi uchun ipoteka uy-joylari mavjudligi biroz kamaydi. Uy-joy narxining oshishi fonida birinchi yarim yillikda berilgan ipoteka kreditlari hajmi oshdi. Bunday kreditlarning bir kishiga o‘rtacha hajmi 2023 yilning shu davriga nisbatan 25 foizga oshdi. Joriy yilning birinchi yarmida berilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 19,7 foizni tashkil etdi, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 1 foiz punktga yuqori.

Ipoteka kreditlash hajmining o‘sishi, shuningdek, kreditlar qisqaroq muddatga berila boshlangani sababli (banklarda o‘rtacha to‘lov muddati 18 yildan 17 yilgacha qisqardi) oylik ipoteka to‘lovlari 22 foizga oshdi. Mamlakatda ish haqi ham oshgan bo‘lsa-da, ipoteka to‘lovlarining o‘sishi daromadlar o‘sishidan tezroq edi. Bu omillar qarz oluvchilarning to‘lov qobiliyatini va ipoteka yordamida uy-joy sotib olish qobiliyatini kamaytirishi mumkin.

Uy-joy sotib olish qobiliyati indeksi pasayib bormoqda, yaʼni aholining uy-joy sotib olish qobiliyati pasaymoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101810 | Инструменты