Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Soliq va budjet siyosatining 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay sharoitlar yaratish maqsadida quyidagilar nazarda tutilmoqda.
Xususan:
— kelgusi yilda asosiy soliq turlari, jumladan foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq, qo‘shilgan qiymat solig‘i, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq turlari bo‘yicha stavkalar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda;
— mobil aloqa xizmatlari sohasiga investitsiyalar miqdorini ko‘paytirish, mobil aloqa va internet xizmati sifatini oshirish maqsadida mobil aloqa operatorlari uchun aksiz solig‘i bekor qilinmoqda;
— mahalliy budjetlar daromadini oshirish, ish o‘rinlarini legallashtirish hamda soliq bo‘yicha Xalq deputatlari mahalliy kengashlar vakolatlarini oshirish maqsadida ularga yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy belgilangan miqdorlardagi stavkalarini faoliyat turi va joylashgan hududiga qarab belgilash vakolati berilmoqda;
— yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollagan xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i yoki o‘zlari uchun belgilangan qat’iy soliqning 50 foizini to‘lash huquqini berish hamda bozor va savdo komplekslarida faoliyat yuritayotgan yakka tadbirkorlarning yollagan xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini pasaytirish kabi normalar kiritilmoqda.
Deputatlar tomonidan biznes uchun soliq stavkalari o‘zgarishsiz saqlab qolinayotgani mamlakatimizda investitsiyaviy muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, tadbirkorlarning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi alohida e’tirof etildi.
Muhokamalarda xalq vakillari mahalliy Kengashlar vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirdi. Xususan, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalarini mahalliy kengashlar tomonidan belgilash, suv solig‘i stavkasiga hamda noruda qurilish materiallari uchun qat’iy belgilangan stavkalarga koeffitsiyent qo‘llash va nashriyot-matbaa korxonalarini foyda solig‘idan ozod qilishga oid normalar ma’qullandi.
Shuningdek, Jahon savdo tashkiloti talablariga qonunchiligimizni uyg‘unlashtirish, atrof muhitni asrash, soliq ma’murchiligini takomillashtirish orqali soliq bazasini yanada kengaytirishga qaratilgan choralar qo‘llab-quvvatlandi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi iqtisodiyotda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida teng shart-sharoitlarni ta’minlash hamda biznes yuritishni yengillashtirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120413 | Инструменты