Navoiy viloyatidagi Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi bosh shifokori qo‘l ostida ishlovchi 38 yoshli hamshirani ayovsiz kaltaklagani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, kaltaklangani aytilayotgan M.N. ismli ayol markazning nevrologiya bo‘limi navbatchi hamshirasi lavozimida ishlab kelmoqda. Holat yuzasidan boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, xodimlar orasida surishtiruv ishlari amalga oshirilgan.
Mazkur holat yuzasidan markaz direktori tomonidan shu kunning o‘zida Navoiy shahar prokuraturasiga M.N. tomonidan unga tuhmat qilingani va holatga huquqiy baho berish yuzasidan shikoyat arizasi berilgan.
Shu kunga qadar M.N. mehnat ta’tili kam berilgani, mehnat ta’tilidan chaqirib olinmagani, rag‘batlantirish qo‘llanmagani, bemorlardan qon tahlillarini olish xizmat vazifasiga kirmasligi, qo‘shimcha ish soatlari uchun to‘lovlar amalga oshirilmagani kabi holatlar yuzasidan sud va boshqa vakolatli organlarga shikoyatlar kiritib kelgan. Biroq ushbu shikoyatlarning birortasi o‘z tasdig‘ini topmagan.
Shuningdek, boshqarma holatga huquqiy baho berilmasdan hamda sud qarori chiqmagunga qadar markaz xodimlariga nisbatan xulosa chiqarmaslikni so‘ragan.
Boshqarma matbuot kotibi Temur Baybikovning qo‘shimcha qilishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni ayol markaz bosh shifokori xonasiga shoshilib kirgan va xona eshigini qulflab, stol ustiga turgan qalamdonni peshonasiga urib, o‘ziga tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng direktor xonadan zudlik bilan chiqqan va boshqa xodimlarni chaqirgan, bu paytda M.N. ichki ishlar organiga qo‘ng‘iroq qilgan. Hozirda prokuratura tomonidan surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Ayolning ayni paytda xorijda mehnat qilayotgan turmush o‘rtog‘i A.H.ning so‘zlariga ko‘ra, M.N. markazda 5-6 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Markaz rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi bosh shifokor B.I. esa ayolga ancha vaqtdan beri ishdan bo‘shashini talab qilib kelgan. Bunga uning to‘liq stavkada ishlab kelayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Ayol esa ushbu holatlarga barham berish uchun malaka oshirish kurslarida ham o‘qib, buni tasdiqlovchi sertifikat olib kelsa-da, holat yana davom etgan. Bosh shifokor, shuningdek, M.N.ning qilgan har bir ishidan xato va kamchilik topib, oyligini kesgan. Voqea kuni esa bosh shifokor o‘rinbosarining xonasiga hamshirani chaqirib, tortishgan va stol ustida turgan suvenir bilan uning boshiga urgan, tanasiga bir necha bor zarba bergan va tan jarohati yetkazgan. Oqibatda ayolning boshi yorilib, ko‘p qon yo‘qotgan va hushidan ketgan. Ayol ayni vaqtda viloyat Nevroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan, uning boshi tikilgan, ahvoli og‘ir, harakatlana olmayapti.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120300 | Инструменты