Choy – o‘zbek xalqining sevimli ichimligi. Yilning qaysi mavsumi bo‘lmasin, hatto yozning issiq kunlarida ham choy ichishni kanda qilmaydi.
Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri? Bu haqda mutaxassisdan javob oldik.
— Yozning issiq kunlarida issiq choy ichish organizmning ichki haroratini muvozanatlashga yordam beradi, — deydi Yunusobod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shoira Abdusattarova. — Issiq choy ichganda tana terlash orqali o‘z-o‘zini sovitadi va bu salqinlikni his qilishga olib keladi.
Issiq choyning ko‘plab foydalari bor, jumladan:
Choy antioksidantlar bilan boyitilgan, bu esa hujayralarni zararli moddalardan himoya qiladi va qarish jarayonini sekinlashtiradi.
Issiq choy hazm qilishni yaxshilashga yordam beradi va bu jarayonni yengillashtiradi.
Ko‘plab choy turlari tinchlantiruvchi taʼsirga ega bo‘lib, stress va asabiylikni kamaytiradi. Masalan, moychechakli choy uyquni yaxshilashga yordam beradi.
Zanjabil choyi immun tizimini mustahkamlaydi, sovqotish va infeksiyalarga qarshi kurashadi.
Choy yurak-qon tomir tizimi faoliyatini yaxshilab, qon bosimini pasaytiradi.
Baʼzi choylar metabolizmni tezlashtiradi, bu esa ozishga ko‘maklashadi.
Issiq choy organizmdagi oqsillarni yaxshi yutilishini taʼminlaydi va tanaga oziq moddalarni yaxshiroq singdirishga hissa qo‘shadi.
Yoz chillasida issiq choy ichishning baʼzi zararli tomonlari ham bor:
Agar odamni tez-tez uyqu buzilishi, jig‘ildon qaynashi, qorin og‘rig‘i, bosh aylanishi bezovta qilsa, eʼtiborini isteʼmol qilayotgan choy miqdori va turiga qaratishi zarur. Ichimlik tarkibida yuqori miqdordagi kofein uyqusizlikka sabab bo‘lishi va o‘rganib qolishga olib kelishi mumkin.
Issiq ichimliklar baʼzi odamlar uchun hazm qilish muammolarini keltirib chiqarishi ehtimoli ham bor. Ichimlik tarkibidagi oshlovchi moddalar qonda temir konsentratsiyasi pasayishiga hamda hazm qilish yo‘llarining shikastlanishiga sabab bo‘ladi.
Choy — peshob haydovchi ichimlik, u organizmdagi suyuqlikni chiqarib yuboradi. Shu bois haddan tashqari issiq choy ichish tanani suvsizlantirishi mumkin.
Shunday ekan, yoz oylarida issiq choy ichishdan avval organizmning o‘ziga xos xususiyatlari, kasalliklarga moyilligi, tabiiy ehtiyojlarini hisobga olish muhim.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122616 | Инструменты