Huawei 1
Nima uchun o‘z vaqtida nonushta qilish muhim?

Inson salomatligi aksariyat hollarda iste’mol qilinadigan mahsulotlarga bog‘liq. Ammo ba’zida ishimiz ko‘pligini vaj qilib, vaqtni tejash uchun nonushtadan voz kechamiz. Keyin kasalliklardan tortib, to semirishgacha bo‘lgan muvozanatsiz ovqatlanish oqibatlariga duch kelamiz.

Nonushtaning organizm uchun muhim ekanining bir qancha sabablari mavjud.

1. Nonushta ozuqa moddalari zahirasini to‘ldiradi. Biz uxlayotganimizda tana ishlashda davom etadi va kun davomida olingan ozuqa moddalarini sarflaydi. Shuning uchun, ertalab ularning zahirasini to‘ldirib olish zarur.

2. Nonushta chiroyli qomatga erishishning bir yo‘li. Ertalabki tanavvul nafaqat kun davomida kuch-quvvat bilan ta’minlaydi, balki tushlik va kechki ovqatning kaloriya miqdorini kamaytirishga ham yordam beradi. Ya’ni nonushta qilmagan inson keyingi tanavvul vaqtlarida ko‘proq taom yeyish ehtimoli yuqori.

3. Nonushta oshqozon shilliq qavatining holatini yaxshilaydi. Oshqozonda muntazam ravishda xlorid kislotasi ishlab chiqariladi va tunda u ko‘p miqdorda to‘planadi. Agar uyg‘ongandan keyin oshqozonga hech narsa tushmasa, u holda o‘zining shilliq qavatini sarflaydi. Bu og‘riq, ko‘ngil aynishi kabi qator noxush oqibatlarga olib keladi. Bundan tashqari, safro ichak motorikasining tabiiy stimulyatori ekanligini va uning turg‘unlashuvi og‘irlik, ich qotishi va dam bo‘lishiga sabab bo‘lishini unutmaslik kerak.

4. Nonushta moddalar almashinuvini ishga tushiradi. Tana kun davomida oziq-ovqatlarni yaxshi qabul qilishi uchun uglevodlarga boy bo‘lgan dastlabki taom qabuli kerak. Bu esa nonushta davomida amalga oshiriladi. Shundan so‘ng organizmda moddalar almashinuvi to‘g‘ri boshlanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, muntazam ravishda nonushta qiladigan odamlarning metabolizmi undan voz kechganlarning metabolizmiga qaraganda 5-6 foiz tezroq.

5. Ertalabki tanavvul yurak faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Garvard tibbiyot maktabi olimlarining ta’kidlashicha, nonushta qilmaydigan odamlar yo‘l-yo‘lakay yog‘ va shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni iste’mol qilib, yetishmayotgan energiyaning o‘rnini to‘ldirishga urinishadi. Zararli xolesterinning to‘planishi esa metabolizmni sekinlashtiradi, qon bosimi va yurakkka tushadigan yukni oshiradi.

Demak, nonushtaga befarq munosabatda bo‘lish yaxshilikka olib kelmaydi. Gastroenterolog va diyetologlarning fikriga ko‘ra, muvozanatli nonushta sog‘lom turmush tarzining muhim tarkibiy qismidir. Har kuni nonushta qilsangiz, nafaqat vazningiz normallashadi, balki sog‘lig‘ingiz ham yaxshilanishiga erishasiz.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92900 | Инструменты