Huawei 1
Nobank kredit tashkilotlaridan kredit olishdagi huquqiy to‘siqlar bartaraf etiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, ushbu qonun loyihasi tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini kengaytirish, tadbirkor tomonidan nobank kredit tashkilotlaridan kredit olishida mavjud huquqiy to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan. Qonun loyihasi kredit oluvchiga kafolat (kafillik) berish faoliyatini professional asosda amalga oshiruvchi kafolatlar berish tashkilotini tashkil etishga oid huquqiy normalarni o‘z ichiga olgan. 

Shuningdek, loyiha bilan nobank kredit tashkilotlarini aksiyadorlik jamiyati yoki masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etish, mikromoliya tashkilotlari tomonidan mijozlarga xorijiy valyutada moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish hamda mikromoliya tashkilotlariga tegishli litsenziya olgan holda to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish imkoniyatlari yaratilmoqda. 

Bundan tashqari, loyihada jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan nobank kredit tashkilotining ustav kapitalidagi olinayotgan ulush miqdori 10 foizdan 20 foizgacha bo‘lganda, Markaziy bankning xabardor qilish tartibi qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. 

Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyati yana-da kengaytiriladi, biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirishning yangicha vositalari yaratiladi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91915 | Инструменты