Huawei 1
“O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda 2−3 yillik o‘tish davri bo‘ladi” — Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

O‘zbekistonga Jahon savdo tashkilotiga kirishda o‘tish davri beriladi. Bu haqda 9-oktabr kuni Debat Xoll maydonida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

U JSTga a’zo bo‘lish uchun mamlakat qonunchiligiga kiritilishi kerak bo‘lgan uchta asosiy o‘zgartirishni aytib o‘tdi.

“JSTga a’zo bo‘lgandan keyin QQS stavkalari importda ham, ichki bozorda ham bir xil bo‘lishi kerak. Agar importda QQS bo‘lsa, ichki bozorda imtiyoz bo‘lmasligi kerak, ya’ni QQS to‘lanishi kerak. Aksiz solig‘i bilan ham xuddi shunday”, — deya tushuntirdi.

Bundan tashqari, bojxona bojlari bitimlar doirasida JSTga a’zo boshqa mamlakatlar bilan bir darajada bo‘lishi kerak.

“Kichik biznes uchun — bu raqobat uchun yaxshi, umuman biznes yuritish uchun qulay. [O‘zgartirishlar] faqat yirik korxonalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ularga aksiz solig‘i bo‘yicha berilgan imtiyozlar va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish uchun boshqa imtiyozlar bekor qilinadi,” — dedi Soliq qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari.

Mubin Mirzayev ushbu korxonalar uchun salbiy oqibatlarni yumshatish uchun boshqa davlatlar bilan kelishilgan holda 2−3 yilga o‘tish davri berilishini ta’kidladi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bir qator yo‘nalishlarda foyda keltiradi, dedi u. Bugungi kunda boshqa mamlakatlar respublikaning eksport tovarlariga nisbatan yuqori bojxona bojlarini o‘rnatmoqda, bu esa ularni chet elda sotish imkoniyatlarini cheklamoqda.

“Bu jarayonlar soddalashadi. Bizning tovarlarimiz uchun boshqa mamlakatlarda bozorlar paydo bo‘ladi va ularni muammosiz sotish imkoniyati paydo bo‘ladi. To‘g‘ri, [JSTga kirish] ba’zi sohalarda salbiy, boshqalarda esa ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, lekin umuman olganda, agar yalpi ichki mahsulotni olsak, bu ishlab chiqarish hajmlariga va umuman o‘sishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, — deya ta’kidladi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100921 | Инструменты