Huawei 1
O‘zbekiston sug‘orish tizimlarini yangilash uchun 250 mln dollar qarz oladi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston bo‘ylab 110 ta sug‘orish nasos stansiyasini modernizatsiya qilish uchun 250 million dollargacha bo‘lgan suveren kredit ajratadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bu borada tegishli bitim imzolandi. Suveren kredit davlat tomonidan olingan qarz mablag‘i bo‘lib, bu qarz bo‘yicha mas’uliyat bevosita davlat zimmasida bo‘ladi.

Loyihada 10 ta hudud qamrab olinadi va u O‘zbekiston sug‘orish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha Milliy dastur ijrosiga ko‘maklashadi. Natijada yiliga 251 ming megavatt soat elektr energiyasi tejaladi va atmosfera havosiga chiqariladigan karbonat angidrid miqdori 117 ming tonnadan ortiq kamayadi. Shuningdek, loyiha doirasida nasos stansiyalarining tomlariga quyosh panellari o‘rnatilishi kabi qo‘shimcha infratuzilma ham yangilanadi.

Hozirgi kunda YTTBning O‘zbekistondagi investitsiyaviy portfeli 5,6 milliard yevro qiymatidagi 181 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Mablag‘larning asosiy qismi xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. O‘zbekiston besh yildirki, Markaziy Osiyoda YTTB investitsiyalarining eng yirik manzili bo‘lib qolmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82823 | Инструменты