“O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan ishchilar majburiy-ixtiyoriy ravishda to‘lanmaydigan taʼtilga chiqarilayotgani haqida xabar tarqaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan ishchilarni majburiy-ixtiyoriy ravishda to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarilayotganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” izoh berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 241-moddasiga muvofiq, xodimning yozma murojaatiga (ariza) binoan unga ish haqi to‘lanmaydigan ta’til berilishi mumkin, bu ta’tilning davomiyligi u bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvda belgilanadi. Ya’ni ish haqi to‘lanmaydigan ta’til berish uchun asos xodimning yozma murojaati hisoblanadi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ faoliyatida ish haqi to‘lanmaydigan ta’tillar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 241-moddasida o‘rnatilgan tartibda ishlab kelinmoqda. Bugungi kunda Jamiyatda ishchi xodimlar ixtiyoriy-majburiy ravishda to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarilish holatlari mavjud emas.

Hozirgi kunda, mazkur masala yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibiy korxonalari rahbar xodimlari bilan tegishli tushuntiruv ishlari olib borilmoqda.

"Bugungi kunda Jamiyatning iqtisodiy-moliyaviy faoliyatida taqchillik kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan maqsadsiz yo‘naltirilayotgan xarajatlarni maqbullashtirish choralari ko‘rib kelinmoqda.

Ta'kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-329-sonli Qaroriga muvofiq temir yo‘l sohasida transformatsiya, raqamlashtirish, yo‘lovchi va yuk tashishda xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash, barqaror investitsiya muhitini yaratish, harakat tartibini yangilash va moliyaviy holatni mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilangan bo‘lib, buning natijasida Jamiyatning iqtisodiy moliyaviy holati yaxshilanishi kutilmoqda", - deyiladi xabarda

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72711 | Инструменты