O‘zbekistonda 10 oyda ish haqi va nafaqa pullarining 5,8 milliard so‘mi talon-toroj qilingani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2024-yilning yanvar—oktyabr oylari davomida bunday holatlar ortidan 71 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qayd etilishicha, bu davrda kredit mablag‘lari talon-toroj qilinishini oldini olish, muammoga aylangan kredit qarzdorliklarining qaytarilishini ta’minlash ishlari ustidan nazorat yanada kuchaytirildi.
Prokuratura aralashuvi bilan qarzdorliklarning 11,6 trillion so‘mi amalda undirildi, 8,9 trillion so‘mlik kreditlar bo‘yicha garovdagi mulklarning sotuvga chiqarilishi ta’minlandi, 1,6 trillion so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qarzdorlarning ish haqiga qaratildi.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida kredit mablag‘larining 2,5 trillion so‘mi talon-toroj qilingani aniqlanib, bank va mijoz korxonalar rahbarlariga nisbatan 906 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
2024-yilgi investitsiya dasturi asosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan obyektlarda qurilish sifati va mablag‘lardan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratilib, 61,2 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar va 82,1 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlari joyida bartaraf etilib, huquqbuzarliklarning oldi olindi.
Mazkur dastur ijrosi bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlarida qonunni buzgan 466 nafar shaxs intizomiy, 1 854 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 262 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, davlatga yetkazilgan 71 milliard so‘m zarar undirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120301 | Инструменты