Huawei 1
O‘zbekistonda ayollarning erkaklar bilan bir xil darajada maosh olishini ta’minlash 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi – Jahon banki

Jahon banki Buyuk Britaniya hukumatining moliyaviy koʻmagida “O‘zbekistonda gender tengligi tahlili” hisobotini tayyorladi.

Ushbu hisobot turli sohalardagi, jumladan, ayollarning ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy faoliyatdan foydalanish imkoniyati, ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajralishlar bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek, ayollarning mamlakat ijtimoiy hayotidagi ishtiroki kabi vaziyatni tahlil qilish orqali O‘zbekistonda gender tengligi masalalarini o‘rganadi.

Bundan tashqari, hisobotda ijtimoiy va madaniy normalar va munosabatlarning ayollar huquqlari va ularning jamiyatda qanday qabul qilinishidagi oʻrni baholanadi.

Ushbu hisobotda gender tengsizligini bartaraf etish uchun tavsiyalar berilgan.

Hisobotning asosiy xulosalari:

2017-yildan buyon mamlakat rasmiylari tomonidan gender tengligiga erishish borasida erishilgan sezilarli yutuqlar e’tirof etilgan. Xususan, teng qiymatdagi mehnat uchun ayollarga erkaklar bilan teng haq to‘lashni kafolatlovchi normalar qabul qilingan. Ayrim sohalarda ayollar mehnatidan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar ham bekor qilindi. Bundan tashqari, ayollarni oiladagi (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi normalar qabul qilindi.

Hisobotda O‘zbekistonda ayollarning ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari sezilarli darajada yaxshilangani qayd etilgan. Bunda 2017-2022-yillarda erkaklar oʻrtasida oliy ta’lim olish imkoniyati 3 baravar – 29 foizgacha, ayollar oʻrtasida toʻrt baravar – 27,4 foizgacha oshdi.

Qonunchilik va inson kapitali rivojlanishidagi ijobiy o‘zgarishlarga qaramay, O‘zbekiston mehnat bozorida gender tengsizlik hali ham saqlanib qolmoqda. 2021-yilda ayollarning ishchi kuchidagi ulushi erkaklarnikidan 28 foiz punktga (f.p.) past bo‘lgan.

O‘zbekistonda yosh xotin-qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 15,5 foizni tashkil etadi, bu yosh erkaklar o‘rtasidagi 10 foizlik ko‘rsatkichdan ko‘proq.

Ta’lim, ish yoki professional tayyorlovda bo‘lmagan yosh ayollar ulushi 42 foizni tashkil qiladi, erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 8,8 foiz atrofida.

Bundan tashqari, xizmat uchun haq to‘lashda ham sezilarli darajada gender tengsizligi mavjud, ayollar erkaklarga qaraganda 34 foiz kamroq maosh oladi. Bu 20 foiz bo‘lgan global o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori.

Ayollar o‘rtasida ish haqi va bandlikning pastligi O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va kambag‘allikni kuchaytirmoqda.

Agar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda erkaklar bilan birdek ishtirok etsa, O‘zbekistonda milliy daromad 29 foizga oshadi.

Ayollarning erkaklar bilan bir xil darajada maosh olishini ta’minlash 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi.

Hisobot tavsiyalari orasida O‘zbekiston hukumati mamlakat o‘z iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishi uchun gender tengsizlikni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirishi zarurligi qayd etilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102303 | Инструменты