O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi darajasi eng past bo‘lgan hududlar maʼlum qilindi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi UNICEF bilan birgalikda O‘zbekistondagi bolalarning monetar kambag‘alligi darajasini baholadi. 

Tadqiqotda ijtimoiy himoya tizimining kambag‘allik darajasiga taʼsiri tahlil qilindi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ijtimoiy nafaqalar bo‘lmasa, mamlakatda bolalar kambag‘alligi darajasi 1,6 baravar oshadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi BMT Bolalar jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda bolalar o‘rtasidagi kambag‘allik darajasini baholash, shuningdek, ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini tahlil qildi. Bolalarning kambag‘allik darajasi Statistika agentligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazilgan uy xo‘jaliklari byudjeti o‘rganish maʼlumotlari asosida hisoblab chiqilgan.

2021-yilda o‘tkazilgan so‘rovda 10 ming xonadon ishtirok etgan bo‘lsa, 2023-yilda mamlakat bo‘ylab 16 mingdan ortiq oila o‘rganildi. O‘zbekistonda uch yil ichida bolalar kambag‘alligi 7,8 foizga kamaydi.

Natijalarga ko‘ra, bolalar kambag‘alligi darajasi 2021-yildagi 21,5 foizdan 2023-yilda 13,7 foizgacha kamaydi. Kambag‘allikni kamaytirish tendensiyalari shahar va qishloq joylari o‘rtasida sezilarli darajada farq qiladi. Xususan, qishloq joylarda bolalarning kambag‘allik darajasi 24,6 foizdan 14,5 foizgacha, shaharlarda esa 18 foizdan 13 foizgacha kamaydi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bolalar kambag‘alligi darajasi eng past bo‘lgan hududlar Navoiy viloyati va Toshkent shahri bo‘lsa, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida esa bolalar kambag‘alligining nisbatan yuqori ekanligi qayd etilgan.

Ijtimoiy to‘lovlarni tahlil qilish

Ijtimoiy himoya milliy agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda ijtimoiy nafaqalarning umumiy qamrovi 10,8 mln kishini tashkil etdi.

Kam taʼminlangan oilalarni bolalar nafaqalari va moddiy yordam bilan qamrab olish – 2,1 millionta kam taʼminlangan oiladan 9 million nafar kishini va 72,5 ming benefitsiar oilani tashkil etadi, umumiy to‘lovlar miqdori 12,3 trillionga teng.

Ijtimoiy himoya tizimiga investitsiyalar samaradorligini, shuningdek islohotlarning samaradorligi va taʼsir darajasini oshirish maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi turli uy xo‘jaliklari guruhlari o‘rtasida ijtimoiy to‘lovlarning taqsimlanishi tahlil qildi.

Ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi va maqsadliligi ijtimoiy nafaqalarning taqsimlanishi, qamrovi va yetarliligi hamda ularning kambag‘allik darajasiga taʼsirini tahlil qilish orqali baholandi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mavjud ijtimoiy himoya tizimi resurslarning salmoqli qismini aholining eng kam taʼminlangan qatlamlariga yo‘naltiradi. Xususan, hisob-kitoblarga ko‘ra, aholining 20 foizini tashkil etadigan eng badavlat oilalar guruhi umumiy ijtimoiy nafaqalarning deyarli 6 foizini, shu jumladan bolalar nafaqasi oladigan uy-xo‘jaliklarining 4 foiziga to‘g‘ri keladi.

Aksincha, keksa yoshdagi pensiyalar aholining barcha guruhlari o‘rtasida nisbatan teng taqsimlanadi, bu keksa aholini taʼminlashga universal yondashuvni aks ettiradi.

Ijtimoiy yordamning kambag‘allik darajasiga taʼsiri

Tadqiqotda ijtimoiy himoya tizimining kambag‘allik darajasiga taʼsiri tahlil qilindi. Shunday qilib, daromad yetarli bo‘lmagan taqdirda, daromadlar kambag‘allik chegarasidan past bo‘lsa, ijtimoiy o‘tkazmalarning yetishmasligi kambag‘allik darajasini 11 foizdan 20,8 foizgacha, bolalar kambag‘alligini – 13,7 foizdan 21,8 foizgacha va kambag‘al pensionerlar ulushini – 7,3 foizdan 31,4 foizgacha oshiradi.

Umuman olganda, ushbu tahlil ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi va maqsadga muvofiqligini baholash, uning afzalliklari va kamchiliklarini aniqlash, shuningdek, ijtimoiy imtiyozlardan teng foydalanishni taʼminlash va jamiyatdagi kambag‘allik darajasini pasaytirish uchun uni takomillashtirish choralarini taklif qilish imkonini beradi.

Shunday qilib, O‘zbekiston barqaror rivojlanishning birinchi maqsadi – 2030-yilgacha kambag‘allikni barcha shakllarda bartaraf etishga sodiqligini namoyish etmoqda. Shu munosabat bilan, monetar bolalarining kambag‘alligini o‘lchash ushbu missiyani amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты