O‘zbekistonda Turkiya tajribasi asosida arzon ijtimoiy uy-joylar quriladi
Joriy yilning 14-dekabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiya Respublikasi Davlat uy-joy boshqarmasi (TOKI) rahbari Omer Bulut bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni Turkiya aholisi uchun arzon ijtimoiy uy-joylar qurish bo‘yicha TOKI faoliyatini yuqori baholadi hamda ilg‘or turk texnologiyalari va tajribasidan foydalangan holda uy-joy qurilishi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi.
Oʻz navbatida Omer Bulut Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni alohida taʼkidlab, qoʻshma istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish, texnik va maslahat yordami koʻrsatish, shu jumladan, keyingi 5 yil uchun "Ijtimoiy uylar yaratish strategiyasi"ni ishlab chiqishga koʻmaklashish doirasida hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Muloqot yakunlari boʻyicha tomonlar arzon ijtimoiy uy-joylar qurish boʻyicha Turkiya tajribasidan foydalangan holda kelgusi hamkorlikning tashkiliy jihatlarini ishlab chiqish boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishdilar.
Ma’lumot o'rnida, Turkiya davlat uy-joy boshqarmasi 1984-yilda tashkil etilgan. Uning asosiy maqsadi kam va o‘rta daromadli fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashdan iborat. So‘nggi 20 yil davomida Turkiyada boshqarma tomonidan 1,1 million turar-joy binosi, 1395 maktab, 20 universitet, 997 sport majmuasi, 44 kutubxona qurildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120420 | Инструменты