O‘zbekistonda yo‘llarga o‘rnatilgan radarlar faoliyati ustidan nazorat kuchaytirildi

O‘zbekistonda yo‘llarga o‘rnatilgan foto va video qayd etish qurilmalari hamda radarlar faoliyati ustidan nazorat kuchaytirildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.

Tekshiruvlar YHXX xodimlari tomonidan maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida respublikaning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim radarlar noqonuniy faoliyat yuritayotgani va haydovchilarning tezligini belgilangan me’yordan yuqori qayd etayotgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda.

YHXX mazkur tekshiruvlar fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, yo‘l harakati qoidalari ijrosida qonuniylik va adolatni ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotganini bildirdi. Radarlarning doimiy ravishda soz, aniq va barqaror ishlashini ta’minlash uchun ular O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti mutaxassislari tomonidan muntazam ravishda metrologik tekshiruv va sinovlardan o‘tkaziladi.

Tekshiruv jarayonida maxsus jihozlangan avtomobillar yordamida radarlarning belgilangan texnik talablarga muvofiqligi, tezlikni qayd etish aniqligi hamda qonuniy faoliyat yuritishi tekshiriladi. Aniqlangan kamchiliklar va qonun buzilishi holatlari yuzasidan tegishli mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.

YHXX yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash nafaqat tartib-intizom, balki xolislik, qonuniylik va fuqarolarga nisbatan adolatli munosabatga ham bog‘liqligini ta’kidladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111611 | Инструменты